Bir kuni avliyolardan Ma’ruf Karhiy Dajla daryosi bo‘yida suhbat qurib o‘tirishardi. Shu paytda ularning oldilaridan kemada bir guruh yoshlar aroq ichib, qo‘shiq aytib aysh-ishratga berilgan holda o‘tishdi.
Buni ko‘rgan shogirdlar ustozlariga:
— Ustoz, shularni bir badduo qiling. Zora boshqalarga bularning oqibati dars bo‘lsa, — deyishdi.
Ma’ruf Karhiy qo‘llarini duoga ochib:
— Ey Robbiy, shu bandalaringni bu dunyoda masrur qilganing kabi u dunyoda ham masrur qil, — dedilar.
Bu duodan hayratga tushgan shogirdlar:
— Ustoz, axir nega ularni badduo qiling desak, siz duoyi xayr qilyapsiz? — dedilar.
Ma’ruf Karhiy esa shunday javob berdilar:
— Ularning halok bo‘lishidan kimga qanday foyda bor. Lekin Robbim ularga boqiy dunyoda ham masrurlikni nasib etsa, ular tavba qiladilar va musulmonlar safi kengayadi. Bundan kimga qanday zarar bor, — degan ekanlar.
Darhaqiqat, shogirdlari bir necha soatdan so‘ng kemadagilar tavba qilgan va istig‘for aytgan hollarida ortlariga qaytayotganiga guvoh bo‘lishibdi.