​​Tafakkur vaqti: Eng yaxshi makon

Ayrim xalqlarda “biz bo‘lmagan makon – yaxshi makon”, degan naql bor. Bir kishi eng yaxshi makonni izlab, rosa dunyo kezibdi. Axtara-axtara uzoq-uzoqdagi o‘lkadan bir qishloqni topibdi. Uning hamma narsasi go‘zal, tabiatiyu tarovati mutlaq bekamu ko‘st, odamlari juda sertavoze ekan.

U kishi hangu mang bo‘lib, qishloqni xo‘p aylanibdi. Tasodifan qabristonga borib qolibdi. “Bozoru mozori ko‘r” naqliga amal qilib, qabristonni ko‘zdan kechiribdi. Shu payt qabrtoshlardagi yozuvlarga ko‘zi tushib, qo‘rqinchli qonuniyatni payqab qolibdi: bu yerga dafn etilganlarning hammasi bir, ikki, uzog‘i bilan uch yil umr ko‘rgan ekan. Har bir qabrtoshda uning tagida yotgan inson hatto necha oy, kun, soat yashagani ham yozilgan emish.

Shunda u dahshatga tushib, qishloqdan qochib chiqibdi. Chopayotib, vahimaning zo‘rligidan oldidan o‘tayotgan mo‘ysafidni ham sezmay qolibdi.

Nega buncha halaksan, bo‘tam?! O‘zingni bos, tinchlikmi? – debdi qariya.

Sizlar vahshiy ekansizlar, bolalarni qatl ekansizlar, qabristoningizda yoshi uchdan oshib ko‘milgan birorta insonning lavhini ko‘rmadim, – debdi haligi kishi.

Qariya nimtabassum bilan ko‘kragiga osig‘liq daftarni ko‘rsatib, bunday debdi:

Bizda bolalar voyaga yetganidan keyin ularning har biriga shunday daftar beriladi. Ular hayotidagi har bir baxtiyor on, lahza, daqiqa, soat, kunu tunni shu daftarga qayd qilib boradi. Vafot etganidan keyin hisob-kitob qilinadi. Shuning yig‘indisi haqiqiy hayot bo‘ladi.

Julqunboyning jahongashta jiyani