Ota o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lib, uning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdi. O‘g‘il uyalganidan yerga qaragancha:
– Ota, bir shartim bor! Shunga xo‘p desangiz, uylanishga roziman, – dedi.
– Xo‘sh, qanaqa shart ekan?
– Meni guzar va bozorlarga olib chiqib uraverasiz, so‘raganlarga: “Aytganimni qiladi”, deysiz. Men esa munosib kelinni o‘zim tanlab olaman. Ota kelishilganidek, guzar, bozor va boshqa joylarda o‘g‘liga baqirib, urar, so‘raganlarga: “Aytganimni qiladi”, deb javob berardi. Odamlar esa otaning ishidan hayron bo‘lib: “Aytganingizni qilsa, yaxshi-ku!” deyishardi. Ota yana bir kuni o‘g‘lini urib turganida, bir qiz so‘rab qoldi:
– Ota, o‘g‘lingizni nima uchun urayapsiz?
– Aytganimni qiladi-da, qizim!
– O‘zi bilib qilgunicha, uravering, – dedi qiz.
Shunda o‘g‘il:
– Ota! Mana shu qizga uylanaman, – dedi.
Azizlar! Birovning ko‘rsatmasi bilan ish qiladigan, aqlini ishlatib, biror narsa qilolmaydigan odam hayotda hech narsaga erisholmaydi. Shu bois har bir rahbar, xonadon sohibi va farzandlar birovning aytishini kutmasdan o‘z aqlini ishlatib, ish yuritadigan bo‘lsa, bunday insonlarni xalqqa, vatanga katta yordami tegadi. Shuning uchun o‘zingiz ishingizni bilib qilishni o‘rganing.