Podshoh vaziridan so‘radi:
— Qanday qilib bir xizmatkor mendan ko‘ra baxtli bo‘lishi mumkin? Uni hech nimasi yo‘q. Men, hamma narsasi bor podshohman. Lekin baxtli emasman.
Vazir dedi:
— Unda to‘qson to‘qqiz qoidani qo‘llab ko‘ring. Bir hamyonga 99 dinor soling. Ustiga «yuz dinor» deb yozib qo‘ying. Eshigi oldida qoldirib, nima bo‘lishini bir chetda kuzatib turing.
Podshoh vazirning aytganini qildi. Xizmatkor hamyonni oldi. Qolgan bir dinor tashqariga tushib qolgan, deb o‘yladi. Oilasi bilan chiqib hammalari tonggacha qidirishdi. Bir dinorni topa olmagani uchun juda g‘azablandi. O‘sha bir dinor ularning tinch hayotini buzdi.
Ertasi kuni, kechasi bilan uxlamay chiqqan xizmatkor podshohning huzuriga kayfiyatsiz, parishon, xafa holda bordi. Shunda podshoh to‘qson to‘qqizning ma’nosini angladi.
Biz Allohning to‘qson to‘qqiz in’omini unutib, bizda bo‘lmagan ne’matini qidiramiz.
Alloh uni peshonamizga yozmaganining hikmati bo‘ladi. Ne’mat berilmagan insonning o‘zi yo‘q. Hatto kasal, majruh insonni ham Alloh ne’matlari bilan qurshab qo‘ygan. U esa faqat majruhligini ko‘radi.
Hamma narsasi bor, badavlat insonning ham ko‘ziga boshqalardagi o‘zida yo‘q narsalar ko‘rinaveradi.