Tafakkur vaqti: RIZQ

Bir faqir kishi bor edi. U onasini, ayolini va zurriyotini boqar edi. U bir boyning qo‘lida xizmatkor bo‘lib ishlar, ishiga xolis va ishini komil suratda ado qilardi. Kunlarning birida u ishga kelmadi. Shunda xo‘jayini o‘ziga o‘zi:

“U ishga kelmay qo‘ymasligi uchun uning maoshini bir dinorga ziyoda qilishim kerak. Aminmanki, u maoshini ko‘tarilishini ta’ma qilib, ishga kelmadi. Chunki meni unga muhtoj ekanimni biladi-da” dedi.

Ikkinchi kun bo‘lgach xo‘jayin unga maoshini berayotib, bir dinor ziyoda qildi. Xizmatkor hech narsa demadi va xo‘jayindan sababini ham so‘ramadi. Bir qancha muddatdan keyin xizmatkor yana kelmadi. Xo‘jayin juda qattiq g‘azablanib:

“O‘sha ziyoda qilgan bir dinorni kamaytiraman” dedi. Kamaytirdi ham, xizmatkor hech narsa demadi va maoshining kamaygani sababini ham so‘ramadi. Xo‘jayin hodimni oldingi ishini takrorlagani (maoshi ko‘paysa ham, kamaysa ham indamagani)dan ajablanib, so‘radi:

-Maoshingni ziyoda qildim sababini so‘ramading, kamaytirdim, hech narsa demading?

Xizmatkor:

-Birinchi marta kelmaganimda Alloh menga bir chaqaloq tuhfa etgandi, o‘shanda maoshimni ko‘paytirib, mukofatlagandingiz. Aytdimki: “Bu chaqalog‘imning rizqi, o‘zi bilan keldi”. Ikkinchi marta kelmaganimda esa, onam vafot etgandilar, maoshimni kamaytirganingizda dedimki: “Bu onamning rizqi, onam ketdi, rizqi ham”.