Tafakkur vaqti: Eng munosib javob

Bir kuni ashobi kirom Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hazrat Ali roziyalohu anhuning judayam yaxshi ko‘rishlarining sababini so‘rashdi. Payg‘ambar alayhisalom hazrat Alini chaqirib kelishni buyurdilar. Kelguniga qadar sahobalarga savol berdilar:

— Siz birovga yaxshilik qilsangiz-u, u sizga yomonlik qilsa, qanday yo‘l tutasiz?
Ashobi kirom roziyallohu anhum yaxshilik bilan javob qilamiz, dedilar.

Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam yana so‘radilar:

— Agar yana yomonlik qilsa-chi?
Sahobalar indamay boshlarini egishdi. Keyin hazrat Ali keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘radilar:

— Ey Ali, kimgadir yaxshilik qilsang, u senga yomonlik qilsa, nima qilasan?
Hazrat Ali: “Yaxshilik qilaman”, dedilar. Bu savolni Payg‘ambar alayhisalom yetti marta so‘radilar, hazrat Ali roziyalohu anhu har safar: “Yaxshilik qilaman”, deb javob berdilar. Keyin: “Mening yaxshiliklarimga doim yomonlik bilan javob qaytarsa ham, unga yaxshilikda davomli bo‘laveraman”, deb qo‘shib qo‘ydilar.

Hazrat Ali roziyalohu anhuning quyidagi gaplari o‘z hollaridan xabar beradi: “Odamlarning eng yomoni yaxshilikka yomonlik qaytargani va odamlarning eng yaxshisi yomonlikka yaxshilik qilganidir”.