Buyuk olimlardan Sha’biy bir kuni do‘stlari Qozi Shurayhning ziyoratiga bordilar. Qozi Shurayh bu vaqtda ish bilan mashg‘ul edilar.
Shu payt eshikdan ayyuhannos solib bir ayol kirib keldi. Shikoyatini aytarkan, ko‘zlaridan shashqator oqayotgan yoshi tinmadi.
Ayolning bu holini ko‘rgan Sha’biyning juda rahmi keldi va Qozi Shurayhga:
— Ey do‘stim, da’voni shu ayolning foydasiga hal qilib bersang bo‘lmaydimi? Qara, yig‘lamoqdan abgor bo‘ldi bechora, — dedi.
Qozi Shurayh esa tabassum bilan Sha’biyga qaradi:
— Ey do‘stim, unutdingmi, axir Yusuf alayhisalomning akalari ham otalarining oldiga ana shunday ko‘z yosh to‘kib, “Ukamizni bo‘ri yedi” deb faryod qilib kelishgandi. Vaholanki, o‘zlari ukalarini shafqatsizlarcha bir quduqqa otishgandi. Xuddi shunday bu ayolning ko‘z yoshlari uning haq ekaniga dalil bo‘lolmaydi.