Tafakkur vaqti: Bismillahning hikmati

Do‘konchi Ali amakini ham, uning aytib beradigan bir-biridan qiziq, ibratli hikoyalarini ham bolalar birdek yaxshi ko‘rishadi.

Yilning to‘rt faslida do‘kon atrofidagi maydoncha ularning qiy-chuviga to‘ladi. Amaki haridorlarga ham, “nabira”lariga ham vaqt topadi.
Ayniqsa, yozgi ta’til kunlarida do‘kon bolalar uchun eng sevimli joyga aylanadi. Buning bir sababi boya aytganimizdek, qiziq hikoyalar bo‘lsa, ikkinchisi, jazirama yoz kunida o‘ynab-o‘ynab chanqaganda jonga orom beruvchi muzdek suv. Uyga kirib ichay deyishsa, onalarning qaytib ko‘chaga chiqarishlari gumon. Bu sharoitda eng qulayi — Ali amakining do‘koni.

Munisa ham do‘konga suv ichish maqsadida kirdi.
— Amaki… suv ichib olsam maylimi?

— Mayli-yu, qizalog‘im, bitta sharti bor. Suv ichishdan oldin “Bismillah”, ichib bo‘lgach “Alhamdulillah”, deysan.
— Voy, juda oson-ku! Men roziman!

Munisa shartni bajarib, chanqog‘i qongunicha suv ichdi. Amaki endi boshqa bolalarga ham shu shart bilan suv beradigan bo‘ldi. Juda qiziq tuyulganidan, do‘kon kundan-kun suv ichishni istagan bolalar bilan to‘la boshladi. Kun o‘tgani sari bolalar uchun odatga aylanib, uylarida ham amaki aytganiday qiladigan bo‘lishdi.

…Munisaning otasi har kuni kechqurun yotish oldidan ichkilik ichadigan odati bor edi. Shunday kechalardan birida qizaloq:

— Dadajon, “Bismillah”ni aytmay ichmang, — dedi.
Ota bir muddat kalovlanib qoldi:

— Qizim, buni ichish uchun “Bismillah” aytilmaydi…
Lekin qiz qaysarlik qilib turib oldi. Bu holat har kecha takrorlanavergach, ota uyida ichmaydigan yoki tashqarida ichib keladigan bo‘ldi. Shu tarzda oradan bir qancha muddat o‘tdi…
Ali amakining do‘koniga bir ayol kelib: “Munisaning onasiman, sizga tashakkur aytgani keldim”, dedi.

— Necha yillardan buyon qilgan duolarimiz ijobat bo‘ldi — Munisaning otasi ichkilikni tashlab, namoz boshladilar. Shundan buyon sizning haqqingizga duodamiz…

Ali amakining kichikkina xizmati shunday ulkan natija bergandi.

— Men chanqaganlarga bir qultum suv berishni istagandim, — dedi Ali amaki. — Sen tashna, muhtoj bir quling diliga rahmat yomg‘iringni yog‘dirding, abadiy saodat yo‘lini ehson etding, O‘zingga shukur, Allohim!