Tafakkur vaqti: Cho‘pon va hazrati Muso

Hazrati Muso yo‘lda bir cho‘ponga duch keldilar. Cho‘pon ovozini xiyol ko‘tarib bunday deyayotgan ekan: «Ey karam sohibi Parvardigorim, qayerdasan? Senga qul bo‘lay, qurbon bo‘lay, chorig‘ingni tikay, sochingni taray, kiyimingni yuvay… Ey buyuk Parvardigorim, Senga sog‘ilgan sut tortiq qilay, hamma echkilarim Senga qurbon bo‘lsin!»

Hazrati Muso cho‘pondan so‘radilar:
– Kim bilan gaplashyapsan?
– Yeru ko‘kni yaratgan Alloh bilan! — deb javob berdi cho‘pon.

Muso alayhissalom cho‘ponga tanbeh berdilar:
– Bu gaplaring noto‘g‘ri, axir Alloh inson emas-ku, u bilan bunday tarzda gaplashsang!..
Tanbehdan cho‘ponning ko‘zi qorong‘i bo‘lib ketdi, nima qilarini bilmay, oh urganicha boshini olib cho‘llarga chiqib ketdi.

Ittifoqo, bir muddatdan so‘ng hazrati Musoga Alloh taolodan shunday xitob keldi:
«Ey Muso, sening vazifang insonlarni Bizdan uzoqlashtirishmi yoki Bizga yaqinlashtirishmi? Nega u samimiy bandamizni Bizdan ayirding? Biz so‘zga, tilga boqmaymiz, ko‘ngilga, holga qaraymiz».

Hazrati Muso cho‘lga borib, cho‘ponni izlab topdilar va unga xushxabarni yetkazdilar. Parvardigoriga xohlaganicha xitob qilishi mumkinligini ham ma’lum qildilar.

Ahmad Muhammad Tursun