Tafakkur vaqti: Hayot haqiqatlari

• Vafot etgan insonni barcha sizlab, xurmat bilan tilga oladi. «Unday qilardilar, bunday kulardilar» deyiladi. Ammo o‘sha inson tirikligida shunchalik xurmat qilinmaydi.

• Mayyitni qabrga qo‘yayotganda, «Boshlarini extiyot qilinglar, oyoqlarini qattiq tortmanglar» deyiladi. Ammo o‘sha inson tirikligida unga zulmlar qilingan bo‘ladi.

• Ayol kishini qabrga qo‘yish chog‘ida, «Tobutlari ustidagi yopinchiqni yana xam pastroq ushlab turinglar, ustlarini yopib turinglar, nomahramlar o‘tirib olaversin. Maxramlari qolinglar» deyiladi. Ammo o‘sha ayolning xayotlik chog‘ida maxramlari u kishini shunchalik extiyot qilib, nomaxramlardan yashirishmaydi.

• Qabriston ziyoratiga borganda, qabrlarni bosib yubormaslikka, o‘liklarga ozor bermaslikka, qabristondagi o‘simliklarni yulmaslikka qattiq e’tibor beriladi. Ammo tirik yurganlarga zulm qilinadi, xaqorat etilib, xo‘rlanadi.

• Vafot etgan xonadondagi ayollar va erkaklarning libosi Shariat ko‘rsatmasiga muvofiq xamma joyni to‘sib turadigan, qalin matodan tikilgan bo‘ladi. Agar ayol kishi kelayotgan bo‘lsa, erkaklar yuzlarini teskari o‘girib, bir tomonga o‘tib turishadi. Qolaversa, o‘sha xovlida ayollar o‘tirgan taraf mato bilan to‘sib qo‘yiladi. Erkaklar bilan aralash holda o‘tirish xam, baqir-chaqir, so‘kinish xam bo‘lmaydi.

• Ammo oradan bir necha kunlar o‘tgach, bunday muxit o‘rnini xamma bilgan muxit egallaydi. Ayollarning satri avratda bo‘lishi, erkaklarning teskari qarab turishi tezda esdan chiqariladi.

• Bozorda sotuvchi bilan savdolashayotgan paytingizda, u «Faqat sizga narxidan o‘tib beraman» deydi. Bu kabi gaplarning aksari yolg‘on bo‘lib, savdoning barakasi yo‘q bo‘lishiga, pulning xalolligiga futur yetishiga sabab bo‘ladi.

• Ishxonadagilarga, ko‘chadagilarga xushmuomala bo‘lib, ko‘pincha uyga kelganda oila a’zolarga qovoq uyib, baqirib, qo‘pol gapiriladi.

• Ko‘chada biror tanishni uchratib qolinsa, shoshib turgan bo‘linsa xam «Uyga o‘ting, choy tayyor edi» deyiladi. Bu gap ko‘pincha nosamimiy tarzda, odat bo‘lib qolgani uchun aytiladi.

• Uyda ba’zan onamiz bilan gaplashayotganimizda, «Siz unday dedingiz, bunday qilmasligingiz kerak edi» kabi qo‘pol, kesatiqli, malomat oxangida gapiramiz. O‘sha ayol biz chaqaloqligimizda, yo‘rgakda yotib, o‘zimiz yeyolmaydigan, turolmaydigan, xojatga borolmay, yo‘rgagimizga ish bajarib qo‘yganimizda, sut bergan, jirkanmasdan tagimizni tozalagan, yarim kechasi yig‘lab qolsak, o‘rnidan turib bizga qarashga erinmagan onaizorimiz ekanini unutib qo‘yamiz.

• Ba’zilar esa ona deganda oppoq ko‘ylak va ro‘moldagi, nuroniy ayolni ko‘z oldiga keltirishar ekan.

• Do‘stim, sizni tuqqan, boqqan, eng yaxshi taom, ichimlik va libosni sizga ilingan, xali xam ishdan kech kelsangiz, uxlamay, xavotirda kutib o‘tiradigan ayol onangiz ekanini, u insonga og‘aynilaringizga qiladigan qo‘pol muomalani qilib bo‘lmasligini, u sizning shirin so‘zingizga, xushmuomalangizga mushtoq ekanlarini unutmang!

Nozimjon Xoshimjon