Yo‘qsil shayxlardan biri ko‘zi ojiz pirning uyida “Qur’on” turganini ko‘rdi. O‘zicha: “Bu yerda “Qur’on”ning nima keragi bor. Bu odam ko‘r bo‘lsa”, dedi. Shu o‘y oromini o‘g‘irladi. “Bu yerda shu ko‘rdan boshqa hech kim yo‘q, bu qanday sinoat? Yaxshisi hech narsa so‘ramay, sabr qilay, sabr bilan niyatimga yetay”, dedi.
Tun yarmida “Qur’on” o‘qiyotgan ovozni eshitdi. O‘rnidan sakrab turdi-yu shu ajib manzarani ko‘rdi: ko‘r pir “Qur’on” o‘qiyotgan edi! To‘g‘ri o‘qiyotgan edi. Sabrsizlangan shayx beixtiyor savol berdi: “Ko‘zing ko‘r bo‘lgani holda bu satrlarni qanday o‘qiyapsan, hayratdaman, to‘g‘risi?” Ko‘r dedi:
“Ey tanning ilmsizligidan xalos bo‘lgan, buni Allox qila olmaydimi? Nega hayron bo‘lasan? Men Allohga: “Ey madadkorim bo‘lgan Alloh, ey madad so‘ralguvchi Tangrim, odam joniga kanday bog‘langan bo‘lsa, men “Qur’on” o‘qishga shunday ishtiyoqmandman. Ammo hofiz emasman.
Yo Rabbiy, “Qur’on” o‘qigan paytimda ko‘zlarimga nur ber. mening ko‘zlarimni och, “Qur’on”ni qo‘limga olib o‘qiy”, deb duo qildim. Allohdan: “Ey “Qur’on” ixlosmandi, ey har dardda bizga yuzlangan, bizdan umid uzmagan kishi, qachon “Qur’on” o‘qishni istasang, uni qo‘lga olsang, shu lahzada ko‘zlaringning nurini qaytib beraman, ey buyuk fitratli kishi”, degan nido keldi. Har narsani bilguvchi, hech bir ishdan g‘ofil bo‘lmagan u ulug‘ podshoh, u yagona Alloh tun chirog‘i yanglig‘ ko‘zlarimga nur ehson qilmoqda”.