Tafakkur vaqti: Foydali savdo

Kambag‘al ekani ko‘rinishidan tayin bo‘lgan kishi ko‘rpa-to‘shak sotiladigan do‘konga keldi. Sotuvchidan oilasi uchun zarur bo‘lgan eng arzon ko‘rpalarni so‘radi. U oltita ko‘rpa olmoqchi va yonida 100 riyoli bor edi. Do‘kondor:

– Menda, Chinda ishlab chiqarilganlari bor. Yaxshi isitadi. Uning donasi 20 riyoldan. Agar beshta olsangiz oltinchisini tekinga beraman, – dedi.

Faqir kishi oltinchisini hadyadek olayotganiga juda xursand bo‘ldi. Ko‘rpalarni olib ketarkan, Alloh o‘nglagani uchun ko‘zlaridan quvonch yoshlari to‘kilardi.

U uzoqlashib bo‘lgandan keyin, voqea guvohi bo‘lgan do‘kondorning do‘sti so‘radi:
– Bu o‘sha – siz eng yaxshi, eng qimmat, deb o‘tgan hafta 350 riyoldan menga sotgan ko‘rpalardan emasmi?

– Allohga qasam, aziz do‘stim, xuddi o‘shandan. Men sizga uning ustiga qo‘ymasdan o‘z narxiga sotgandim, – dedi savdogar.
– Unda nimaga bu kishiga bu narxda sotdingiz? – deb so‘radi.

– Men Robbim bilan savdolashdim, do‘stim. Uning rizosini istab, miskin kishi va oilasi, qattiq sovuq kelishi kutilayotgan qishda shunga muhtoj bo‘lishini bilganim uchun shunday qildim. Shoyad shu bilan Robbim meni jahannam issig‘idan asrasa. Agar u kishining izzat nafsiga tegmasa, tekinga berib yuborardim, – dedi.