Qish faslining o‘rtalari edi. Anchadan beri betob yotgan tog‘amni ko‘rishga borgandim. Umri og‘ir mehnatda o‘tgan tog‘am yetmishdan oshgandi. Ranglari sarg‘aygan mo‘ysafidning bir necha kundan beri ishtahasi yo‘qligini, suyuq ovqatning suvidan, shunda ham kampirining qistovi bilan bir-ikki qoshiq ichayotganini aytishdi.
Suhbat orasida bemordan:
-Nima yegingiz kelyapti? Ayting, olib kelaylik, — deb so‘rashgandi, otaxon uzoq jim turib:
-Hozir husayni uzum bormikin?..-dedi. Shunda o‘g‘li o‘ylab ham o‘tirmay:
-E-e, hozir uzumni necha pulligini bilasizmi, o‘zi?- desa bo‘ladimi?
Otaxon:
-Ha, aytdim-qo‘ydim-da, o‘g‘lim. Odam qarisa, bolaga o‘xshab qolarkan — dedi.
Men o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turdim. Tog‘amning o‘g‘liga tarsaki bo‘lmasin, deb ertasiga yana xabar olishni, uzum olib kelishni niyat qildim. Ammo bu sustkashligim bir umrlik armonga sabab bo‘ldi. Ertasiga tongda tog‘am uzildilar. Bir hafta o‘tib o‘g‘il elga katta dasturxon yozib, qo‘y so‘yib “ehson” qildi.
Onamning qistovlari bilan majbur bordim. Xizmat qilib, choy tashib yurib dasturxondagi noz-ne’matlar orasida oltindek husayni uzumni ko‘rib, ko‘z oldimga bir hafta oldingi manzara keldi. Tomog‘imga nimadir tiqildi. Ko‘chaga chiqib ketdim…
Axir tog‘am bolalarini boqaman deb issiq-sovuq demay, og‘ir mehnatda sog‘ligini ham yo‘qotgandi-ku. Ota tirikligida ravo ko‘rmagan ozgina narsani o‘g‘il endi elning oldiga sochib riyo qilishining nima keragi bor?!