Ko‘cha yuzida kichik bechorahol qizcha tilanchilik qilib o‘tirardi. Qizchaning kiyimlari abgor, yuzlari so‘lg‘in, holi parishon edi.
Bashang kiyingan, savlatli bir kishi qizning oldidan o‘tib ketarkan, qizchaga nazari tushdi. Ammo uni noqulay holatga solmaslik uchun sinchiklab qaramadi.
Hashamatli va hamma qulayliklari muhayyo qilingan uyiga qaytganida shohona bezatilgan dasturxon uni kutardi. Yemak mahalida ham, undan keyin ham sovuq kunda ko‘chada tilanib o‘tirgan qizcha xayolidan ketmadi. Xonasiga kirib, biroz orom olishga yotarkan, ko‘nglidan bir narsalar o‘ta boshladi. Dunyoning yaratilishida o‘zicha adolatsizlik ko‘rganday bo‘ldi. Shunday holatlarni yaratgani uchun Allohga shikoyat qila boshladi.
Ko‘nglidan shunday o‘ylar o‘tardi: “Bunday ishlarga nega yo‘l qo‘yasang, Allohim? Nega shu qizaloqqa yordam beradigan biron chora yaratmaysan?”
U shu holatda shikoyatlar qilarkan, qalbining tub-tubidan bir javob eshitganday bo‘ldi:
“Chora bor. U sensan”…