Bir guruh odamlar oltin izlab yo‘lga chiqishibdi va uzun, qorong‘u tunel bo‘ylab yo‘l yurishlariga to‘g‘ri kelibdi. Tunel judayam qorong‘u bo‘lsa-da, bir-birlarini ushlab, paypaslanib oldinga harakatni boshlashibdi. Yul mobaynida ularning oyoqlariga turli toshlar urilib, xalaqit bera boshlabdi.
Shunda yo‘lboshchi:
–Ey do‘stlar, bizdan keyin ham bu yerdan boshqalar yurishadi. Kelinglar, o‘zimiz qiynalsak ham, yerdagi toshlardan qo‘limizga olib ketaylik, yo‘l tugagach, tashlab yuboramiz. Zora, bizdan keyingilar bizchalik qiynalishmasa, – debdi.
Bu gap birovga yoqibdi, birovga yoqmabdi. Ba’zilar katta-katta toshlarni olishibdi, ba’zilar hatto qo‘njilarini ham to‘ldirishibdi. Ba’zilar ataylab yengil-yengilini tanlab olishibdi. Ayrimlar esa go‘yo o‘zlarini olgandek ko‘rsatishibdi, lekin hech narsa olishmabdi.
Menga nima, deb ochiqchasiga olmaganlar ham bo‘libdi. Eng axmoqlari esa o‘sha yo‘lboshchini yoqtirmaganlari uchun aytganini qilishni istashmabdi.
Xullas, yo‘l tugagach, hamma yorug‘likka chiqibdi. Qo‘llarini qarashsa, tosh deb o‘ylaganlari oltin ekan. Hamma afsus chekibdi. Olmaganlar ham olganlar ham. Hatto butun qo‘njini to‘ldirib olgan kishi ham «yana ozgina olsam ham bo‘lardi» deb yig‘larmish.
…Bu dunyodagi tiriklik safari ham xuddi shu hikoyatdagiga o‘xshaydi… manzilga yetganda nadomat chekmaydigan inson – baxtlidir.