Poytaxt bezagi hisoblangan shoir Sa’labiy bir kuni ajoyib qasida bitib, ko‘p siylov va in’omlar umidida xalifa Mansurning qoshiga bordi. Shoir qasidani o‘qigan edi, xalifaga ko‘p ma’qul tushdi va dedi:
-Ey Sa’labiy, senga bu qasidang uchun uch ming dinor beraymi yoki har biri ming dinorga arzigulik uchta nasihat qilaymi?
Sa’labiy xalifaning hurmati uchun uchta hikmatni tanlabdi.
-Unday bo‘lsa quloq sol, — dedi xalifa. — Birinchi hikmat shuki, agar kiyiming eski bo‘lsa, yangi etik kiymagin, ko‘zga xunuk ko‘rinadi.
Sa’labiy etagiga urib, fig‘on chekdi:
-Oh, voy-dod, ming dinorim kuydi.
Xalifa tabassum qilib dedi:
-Ikkinchi hikmat shuki, mabodo soqolingga yog‘ surtsang, jag‘ingning ostigacha surtmagin, chunki yoqangni kir qiladi.
Vo dari-i-g‘, — deb nola qildi Sa’labiy, — yana ming dinorim yelga sovrildi.
Xalifa tabbassum qilib dedi:
-Shoiro, sabr qilgilkim, uchinchi hikmat ikkovidan ham yaxshiroq.
Sa’labiy dedi:
Ey xalifa, Haq taolo hurmati, uchinchi hikmatni o‘zingizga olib qo‘ying, xazinada tursin, menga qolgan ming dinorimni bering.
Menga bu hikmatlaringizdan o‘sha dinorlar ming qatla afzalroq.
Xalifa kulib yubordi va mulozimlariga buyurdi:
Besh ming dinor zar keltirib, shirinkalom Sa’labiyni sarfaroz eting.