​​Tafakkur vaqti: NASIHATMI YOKI PUL?

Poytaxt bezagi hisoblangan shoir Sa’labiy bir kuni ajoyib qasida bitib, ko‘p siylov va in’omlar umidida xalifa Mansurning qoshiga bordi. Shoir qasidani o‘qigan edi, xalifaga ko‘p ma’qul tushdi va dedi:

-Ey Sa’labiy, senga bu qasidang uchun uch ming dinor beraymi yoki har biri ming dinorga arzigulik uchta nasihat qilaymi?

Sa’labiy xalifaning hurmati uchun uchta hikmatni tanlabdi.

-Unday bo‘lsa quloq sol, – dedi xalifa. – Birinchi hikmat shuki, agar kiyiming eski bo‘lsa, yangi etik kiymagin, ko‘zga xunuk ko‘rinadi.

Sa’labiy etagiga urib, fig‘on chekdi:

-Oh, voy-dod, ming dinorim kuydi.
Xalifa tabassum qilib dedi:

-Ikkinchi hikmat shuki, mabodo soqolingga yog‘ surtsang, jag‘ingning ostigacha surtmagin, chunki yoqangni kir qiladi.
Vo dari-i-g‘, – deb nola qildi Sa’labiy, – yana ming dinorim yelga sovrildi.

Xalifa tabbassum qilib dedi:

-Shoiro, sabr qilgilkim, uchinchi hikmat ikkovidan ham yaxshiroq.
Sa’labiy dedi:

Ey xalifa, Haq taolo hurmati, uchinchi hikmatni o‘zingizga olib qo‘ying, xazinada tursin, menga qolgan ming dinorimni bering.
Menga bu hikmatlaringizdan o‘sha dinorlar ming qatla afzalroq.

Xalifa kulib yubordi va mulozimlariga buyurdi:

Besh ming dinor zar keltirib, shirinkalom Sa’labiyni sarfaroz eting.