​​Tafakkur vaqti: Aniq javob

Bir donishmand hamisha o‘ziga berilgan savollarga aniq javob berar ekan. Unga g‘ayirligi kelgan bir odam «Shunday bir savol beramanki, javob topolmay uyalib qoladi», debdi.

Odamlar: «Qanday savol berasan?» deb so‘rashgan ekan, hasadchi rejasini so‘zlabdi:

— Bir kapalakni tutib olaman.
Donishmanddan «Qo‘limda kapalak bor, o‘likmi yo tirikmi?» deb so‘rayman. «Tirik» desa, qo‘lim bilan ezib o‘ldiraman, «O‘lik» desa, hovuchimni ochaman – uchib ketadi, – debdi.
Donishmandga borib:

— Qo‘limdagi kapalak o‘likmi yo tirik? – deya savol bergan ekan, javobdan tilini tishlab qolibdi:

— Kapalakning hayoti senga bog‘liq!

Birovga choh qazimoqchi bo‘lgan kishi avvalo o‘z oyog‘ining sinib qolmasligidan xotirjam bo‘lishi kerak.