Kunlarning birida Britaniya Qirollik akademiyasi prezidenti Ernest Rezerfordga kasbdoshi yordam so‘rab murojaat qildi. U talabalaridan biriga fizika bo‘yicha eng past ballni qo‘yishni istar, talabasi esa eng baland ballga loyiq ekanini ta’kidlardi. Ikkovlari oxir-oqibat uchinchi shaxsning – betaraf hakamning xulosasini qabul qilishga kelishgan, bu uchun domla Rezerfordni tanlashgandi.
Imtihondagi savol quyidagicha edi: «Binoning balandligini barometr yordamida qanday qilib o‘lchash mumkin?» Talaba shunday javob bergandi: «Binoning tomiga chiqib, barometrni arqonga ulab pastga tashlash kerak, so‘ng uni tortib olib, arqonning uzunligini o‘lchash zarur».
Savol qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, javob tushunarli va aniq edi. Boshqa tomondan, imtihon fizika fani bo‘yicha bo‘lib, javobning bu fanga aloqadorlik jihati juda kam edi.
Domla Rezerford talabaga yana bir bor urinib ko‘rish imkonini berdi. Olti daqiqa vaqti borligini aytib, javobi fizika qonunlariga asoslanishi shartligini ta’kidladi. Besh daqiqa o‘tdi hamki, talaba javoblar varag‘iga hech narsa yozmadi. Rezerford talabadan:
– Javobing yo‘qmi, tan berdingmi? – deb so‘radi.
Talaba javoblari bir nechtaligini, u eng yaxshisini tanlashga urinayotganini aytdi.
Bu gap domlaning qiziqishini orttirdi. U belgilangan vaqt tugamay turib javob berishini so‘radi talabadan. Yangi javob quyidagicha edi: «Tomga chiqasiz va barometrni pastga tashlaysiz. Uning tushish vaqtini hisoblab turasiz. So‘ng formula yordamida binoning bo‘yini topish mumkin».
Rezerford sherigidan bu javobdan qoniqqan-qoniqmaganini so‘radi. U, noiloj, ma’qul ishorasini berdi. Biroq talaba yana bir qancha javoblari borligi haqida eslatdi. Domlalar ularni ham aytishini so‘rashdi.
– Barometr yordamida bino balandligini o‘lchashning bir necha usullari bor, – deb gap boshladi talaba. – Masalan, quyoshli kunda ko‘chaga chiqib, barometr va uning soyasi uzunligini o‘lchaysiz. So‘ng bino soyasini o‘lchaysiz. Bundan keyin oddiygina tenglama yordamida bino balandligini topish mumkin.
– Yomonmas, boshqa javoblaring ham bormi? – dedi Rezerford.
– Bor, juda oddiy uslub ham bor. U sizga albatta yoqadi. Barometrni qo‘lga olib, narvondan ko‘tarilasiz. Shu jarayonda barometrni devorga yopishtirib, belgi qo‘yib ketasiz. So‘ng belgilarni barometrning uzunligiga ko‘paytirsangiz, binoning balandligi kelib chiqadi. Agar siz murakkabroq yo‘ldan bormoqchi bo‘lsangiz, – deb gapini davom ettirdi u, – barometrga bog‘ich bog‘laysiz va uni kapgir kabi tebratib, binoning poydevori va tomida tortishuv kuchini o‘lchaysiz. Ana shu ikki o‘lchov orasidagi farqdan ham binoning bo‘yini topsa bo‘ladi. Tebrangichingizni tomga olib chiqib, uni tebratib, tebranish vaqtlariga asoslanib ham bino balandligini aniqlashingiz mumkin. Va nihoyat, ushbu masala yechimlari ichida eng zo‘r bitta uslubi bor: barometrni olasiz va bino boshqaruvchisini topib: «Aka, ajoyib bir barometrim bor. Agar binoning balandligini aytsangiz, sizga beraman», deysiz.
Shundan so‘ng Rezerford talabadan: «Nahotki bu savolni yechishning umum qabul qilingan uslubini bilmasang?!» deb so‘radi. Talaba o‘sha usulni bilishini, biroq o‘qituvchilar o‘z fikrlash uslublarini o‘tkazdiradigan, nostandart yechimlarni qabul qilmaydigan maktab va kollejlardan to‘yganini aytdi.
Bu talaba 1922 yili Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan daniyalik fizik Nils Bor (1885–1962) edi.
Orif Tolib tayyorlagan.