Afrikadagi bir qabilani o‘rganish uchun borgan antropolog olim qabila bolalariga shunday o‘yin taklif qildi. Daraxt yoniga meva to‘la savatni qo‘ydi va: «Orangizdan kim birinchi bo‘lib daraxt yoniga yetib kelsa, manavi bir savat meva uniki bo‘ladi!» – dedi.
Olim chopishga ruxsat ishorasini qilgan payt bolalar bir-birlarining qo‘llarini mahkam tutib, birgalikda yugurishdi. Marraga baravar yetib borib, yutuqlari – mevalarni birgalikda maza qilib yeb olishdi.
Bolalarning bunday topqirligidan lol qolgan olim ulardan mevalarga faqat bir kishi ega chiqishi mumkin bo‘la turib nima uchun bunday qilishganini so‘radi.
Ular: «Obonoto!» deb javob berishdi. Bu so‘z qabila tilida: «Men borman, chunki biz bormiz!» degan ma’noni anglatardi.
Bolalar oq-qorani hali yaxshi bilmasa-da, o‘zaro mehr va oqibat tuyg‘ularini dildan his qilar, ular bir kishi baxtiyor bo‘lib, qolganlar baxtsiz bo‘lsa, bu baxtiyorlik hech kimga quvonch keltirmasligini anglab yetgan edi.
Ba’zan o‘zimiz e’tiborsiz qaraydigan bolakaylardan ham ko‘p narsalarni o‘rganishga to‘g‘ri keladi.