Tafakkur vaqti: «Sizdan uyalaman, ota!»

Dugonalari bilan kechki ovqatga bormoqchi bo‘lgan qiz ikki kun oldin yangi kiyim mojarosini boshladi. Erkalik bilan ota-onasini noqulay ahvolga solar, ko‘ngliga ozor beradigan, g‘ururini sindiradigan so‘zlarni gapirardi. Ota-onasining qo‘li kaltaligini yuziga solayotgan qiz, ularni chorasizligi tufayli nadomatga qo‘yayotganini mulohaza qilmas, shartakiligini qo‘ymasdi.

— Dugonalarim bir marta kiygan libosini hech qachon qaytib kiymaydi. Men bo‘lsam yalinib-yolvorib sizlarga bittagina yangi ko‘ylak oldirolmayman!, derdi.

Otasi mung‘ayibgina chorasizligini anglatarkan, qiz unga parvo ham qilmasdi. Eski-tuski narsalarni olib sotish bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘orini amal-taqal o‘tkazayotgan betob ota, qishning sovuq kunlarida ishi biroz yurishmayotganidan taraddudlanardi.

– Sizdan uyalaman, dada!, dedi qiz otasiga tik qarab. Qo‘li kalta betob otaning tizzalari qaltiradi. Ko‘z yoshlari qalbiga oqdi.

Kechki taomni jimgina yedilar. Oqshom oilaboshi qizi kiymoqchi bo‘lgan kiyimning narxini onadan so‘radi. Yuragi achishib og‘riyotgan ota pulni qanday bo‘lmasin topib, qiziga tutqazishni o‘ylardi. Ertasi kuni ota ertalab qovog‘idan qor yog‘ayotgan qizning qo‘liga ikki yuz ellik lira berdi. Pulni ko‘rib qizning chehrasi yorishdi. Tongda savdo markaziga otlandi. Ko‘z ostiga olib qo‘ygan ko‘ylakni xarid qildi. Yangi kiyimning zavqi rutubatli havoda qizning ruhiga iliqlik baxsh etdi. Baxtdan sarmast, go‘yoki uchib-qo‘nib kechki ovqatga bordi.

Uyga qaytib ham otasining dardi bilan parvo qilmay, telefonga yopishib kechki ovqatning muhokamasini qilish uchun dugonalari bilan gap sotishga tushib ketdi. Lekin kundan kunga otasining yo‘tali bosilmay, isitmasi tushmayotganiga ahamiyat bermadi. Xayolida yangi ko‘ylagi va bu kiyimda kechki ovqatga malikalarday hammaning e’tiborida bo‘lgani jonlanardi, xolos. Onasi yo‘qsillik sababli erini hatto kasalxonaga olib borolmayotganidan o‘ksinib, ko‘z o‘ngida umr shami so‘nib borayotgan juftiga chorasiz termulardi.

Bir necha kundan keyin otaning uzoq davom etgan yo‘tali tongga yaqin to‘xtadi. Peshinga yaqin yuvg‘ich otasini yuvib-tarab, kafanlash uchun olib kirib ketar ekan, qiz hanuz otasining o‘limiga ishongisi kelmasdi. Qo‘ni-qo‘shnilar masjid ayvonida o‘zaro shivirlab “Qizi istagan kiyimni olib berish uchun, ust-boshini sotib, qishning sovug‘ida kasali badtar xuruj qilibdi sho‘rlikni” deganini eshitganida befoyda pushaymonlik otashida qovurilgani bilan endi kech edi. Endi hech qanday kiyim erka-tantiq qizni ota mehriday isitolmasligini anglab yetdiyu, ammo kechikdi…

Umida ADIZOVA tarjimasi