Xorun ar-Rashid vaziri Ja’far va eng yaqin xizmatchisi bilan suhbatlashib o‘tirgandi. Gapdan gap chiqib Ja’far Xorundan:
— Nimadan eng ko‘p zavqlanasiz?— deb so‘radi. Xorun ar-Rashid shunday javob berdi:
— Men eng nafis kiyimlar kiydim, lazzatli ovqatlar yedim, eng nodir sharbatlar ichdim, endi bularning hech biri meni zavqlantira olmaydi. Umrimning shu davrida sof, toza havodan nafas olish, bir piyola ko‘m-ko‘k va muzdek suv ichish va bola-chaqalarimning atrofimda girdi-kapalak bo‘lib yurishlarini ko‘rish eng buyuk zavqimdir.
Shundan keyin Xorun ham Ja’farga shunday savol berdi, Ja’far aytdi:
— Marhamat qilib bergan bog‘ingizda umr kechirish men uchun eng buyuk zavqdir.
Ja’farning javobini eshitgandan keyin Xorun ar-Rashid suhbatlashib o‘tirgan eng yaqin xizmatchisiga ham xuddi shunday savol qildi. Xizmatchisi aytdi:
— Mening oladigan zavqim sizlarnikidan tamom boshqachadir. Qanday zavq deysizmi? Mana eshiting, diqqat bilan quloq soling.
Yetim-yesirlarga, muhtojlarga qo‘ldan kelguncha yordam berish, umuman, hammaga yaxshilik qilish men uchun eng buyuk zavqdir. Bu zavq xalq ko‘ngliga naqsh etilgan, shoirlar tomonidan maqtalgan, hammaga ma’qul va maqbul bo‘lgan eng buyuk zavqdir.
Xorun ar-Rashid xizmatchining so‘zlarini eshitgach, o‘rnidan turib Ja’farga:
— Bugungi suhbatimiz yetadi, ketaylik, bu xizmatchim haq so‘zlari bilan meni ham, seni ham mag‘lub etdi,— dedi.