Bir qozining oldiga novvoy kelib, bir faqir odamning ustidan shikoyat qilibdi:
– Bu odam hamisha bozorda mening do‘konim oldida turadi – men yopayotgan nonlarning hidini to‘yib-to‘yib hidlaydi-yu, sariq chaqa bermaydi.
Abu Nuvas ancha vaqt o‘ylanib qolibdi. So‘ng novvoyga debdi:
– Sen haqsan. Bu odam sening nonlaringni hidlab huzur qilgan bo‘lsa, demak, sening mehnating samarasidan foydalanibdi. Buning evaziga u xarajatlaringni to‘lashi kerak. Senga ikki dinor kifoya qilar-a?
Shodlikdan novvoyning ko‘zlari chaqnab ketibdi, faqir odam esa yig‘lay boshlabdi.
– Naqadar qashshoq ekanim Allohga ma’lum. Meni oyog‘imdan silkitganda ham jiring etib bir tanga tushmaydi. Turshakdan sharbat olib bo‘larmidi?
Qozi uning so‘zlarini eshitib, yana o‘ylanib qolibdi.
Keyin shunday debdi:
– Sen qashshoq bo‘lganing uchun pulni men yonimdan to‘lab yubora qolaman.
Shunday deb, u yonidan ikki tilla chiqardi. Novvoy sabrsizlik bilan pulni olgani qo‘l cho‘zdi.
–Shoshma, – dedi unga Abu Nuvas. – Bu odam noningni yedimi?
–Yo‘q, taqsir, – dedi novvoy.
–Noningdan jinday ushatib oldimi?
–Yo‘q, taqsir.
–Bo‘lmasa, noningga puflab, ularni beo‘xshov qilib qo‘ydimi.
–Yo‘q, unday qilgani yo‘q, taqsir.
– Unday bo‘lsa, nonlaringni bemalol sotaversang bo‘larkan-da? Balki allaqachon sotib ham bo‘lgandirsan?
– Ha, ha, taqsir.
– Bu odam noningning hidiga qanoat qilgan bo‘lsa, senga ham tanganing jiringi kifoya qiladi.