​​Tafakkur vaqti: Najot harakatda

Bir fermerning eshagi quduqqa tushib ketdi. Bechora jonivor zorlanib baqira boshladi. Hovliqib yugurib kelgan fermer holatni ko‘rib, boshi qotdi. “Eshagim qarib qolgandi, baribir ko‘pga bormaydi. Yoshrog‘ini sotib olishni o‘ylab yurgandim. Quduq esa qurib qolgan. Bu joyni ko‘mib tashlab, boshqa yerdan qazimoqchi edim. Hozir ko‘mib tashlasam, harom qotgan eshakning hidi tashqariga chiqmaydi, chuqurdan ham qutulaman”, deb o‘yladi u.

Fermer qo‘shnilarini yordamga chaqirdi. Kelganlar qo‘liga ketmon, kuraklarni olib, yeng shimarib ishga kirishdi. Eshak gap nimadaligini tushunib, joni boricha baqirib-hangrashga tushdi. Lekin biroz o‘tib, ovozi tindi. Hamma hayron. Yana biroz tuproq tashlangach, fermer quduq ichiga razm solib, nima bo‘lganini bilishga qaror qildi.

U ko‘rganlaridan hayratda edi. Eshak yelkasiga tushgan tuproq uyumlarini silkinib qoqib tashlar, oyog‘i ostini tepkilab-tekislab turardi. Shunday qilib, eshak biroz vaqtdan so‘ng yuqoriga chiqib oldi!..

Bu voqea hayotda bo‘lganiga ishongisi kelmaydi odamning. Axir eshak farosatsizligi bilan mashhur. Hikoyani zarbulmasal sifatida qabul qilgan ma’qul. Shunda uning hikmati osonroq anglashiladi.

Kunda yoki kunora boshimizga turli tashvishlar uyumi yog‘iladi, yelkamizga qiyinchiliklar yuki tushadi. Ana shunday paytlarda nolib, zorlanib, harakatsiz turganlar g‘am-tashvishlar ostida ezilib-ko‘milib ketadi. Doim olg‘a intilib, og‘ir o‘y-xayollarga bo‘y bermaganlar esa maqsadga erishaveradi.

Orif Tolib