Tafakkur vaqti: Sher kabi bo‘laylik

Bir badavlat savdogar yoshi bir joyga borganida ortida qolayotgan mol-davlatidan tashvishga tusha boshlabdi.
Chunki uning birgina o‘g‘li bo‘lib, u ham erka va tantiq ekan.
Buncha katta davlatni o‘g‘lining boshqarishiga ko‘zi yetmasdan bir do‘sti bilan maslahat qilibdi. Do‘sti unga bor davlatini o‘g‘liga ishonib topshirishini, o‘g‘li inshaalloh uddalashini aytibdi.

Savdogar butun molini bir karvonga ortib o‘g‘liga debdi:
— O‘g‘lim! Bugundan boshlab mening butun mol-davlatim seniki. Uni sen boshqarasan. Falon shaharga karvonni olib bor. Oldi-sotdi qil, foydalan!

O‘g‘il karvonga bosh bo‘lib yo‘lga chiqibdi.
Bir sahroga borishganda dam olishmoqchi bo‘lishibdi. O‘g‘il o‘sha yerda bir sherning quyon ortidan yugurayotganini ko‘rib qolibdi. U sherni kuzatibdi. Sher quyonni ovlab uni bir g‘orning oldiga olib borib tashlabdi. Gʻordan ko‘zlari ko‘r bir tulki chiqib kelib u quyonni olib kirib ketibdi. Shunda o‘g‘il o‘ylabdi: «Alloh taolo ko‘zlari ko‘r bir hayvonning rizqini berayotgan ekan, menday sog‘-salomat insonni unutarmidi?!».

O‘g‘il shunday deb safardan qaytishga qaror qilibdi. U karvon bilan uyiga, otasining huzuriga kelganida otasi ajablanib so‘rabdi:
— Ha o‘g‘lim, nima bo‘ldi?!
O‘g‘il yuqoridagi sher va tulki voqeasini aytib debdi:
— Bir ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan tulkini unutmagan Alloh meni unutarmidi ota?!
Ota debdi:
— O‘g‘lim! Men seni birovlarning qo‘liga qarab qolgan tulki kabi emas, tulkiga quyonni olib kelib bergan sher kabi bo‘lishingni istagan edim. Yuqoridagi qo‘l hamisha pastdagi qo‘ldan ustundir!