Bir kishi donishmanddan so‘radi:
— Do‘stingiz siz haqingizda nima deganini aytaymi?
— Shoshma, — dedi donishmand, — avval aytmoqchi bo‘lgan gapingni uchta elakdan o‘tkaz…
— Uchta elak?
— Biror gapni aytishdan oldin, uni uchta elakdan o‘tkazish lozim. Avval HAQIQAT elagidan. Aytmoqchi bo‘lgan gaping haqiqat ekanligiga ishonching komilmi?
— Yo‘q, men uni shunchaki eshitdim, xolos.
— Demak, sen uning rost yoki yolg‘onligini bilmaysan. Endi ikkinchi — YAXSHILIK elagidan o‘tkazamiz. Sen menga do‘stim haqida biror yaxshi gapni aytmoqchimisan?
— Yo‘q, aksincha.
— Demak, — davom etdi donishmand, — sen menga haqiqatligini bilmay turib yomon xabarni yetkazmoqchisan. Endi uchinchi elakdan o‘tkazamiz — FOYDA elagi. Sening gapingni eshitishim shartmi, u menga foyda keltiradimi?
— Yo‘q, hojati yo‘q.
— Demak, — xulosa qildi donishmand, — sen yetkazmoqchi bo‘lgan xabarda haqiqat ham, yaxshilik ham, foyda ham yo‘q ekan. Unda uni menga aytib nima qilasan?!