O‘sha beqaror o‘rgimchakni ko‘rgansan, xayol bilan kunini o‘tkazadi u. Uzoqqa boradigan fikru andesha vahmi orqasida o‘z burchagida uya yasaydi.
Chivin ilinsin deb havaslardan ajoyib tuzoq to‘qiydi. Chivin yoki pashsha tuzog‘iga ilingach, nishini uning mag‘ziga suqib, qonini so‘radi, keyin uni quritib qo‘yadi va vaqti kelganda uni ham yeb quvvatlanadi.
Kunlari shunday o‘tadi, toki bir kun uyning egasi qo‘liga tayoq olib, bir nafasda o‘rgimchak va chivin uyasini barbod etadi. Dunyo ham o‘sha chivin ilingan o‘rgimchak uyasi kabidir.
Butun dunyo qo‘lingga kirsa ham, payti kelib bir ko‘z ochib-yumguncha nobud bo‘ladi. Agar shohliging bilan mag‘rur bo‘lsang, bu go‘yo yo‘lda o‘ynayotgan bolaning ishini qilgan bo‘lasan.
Eshak miyasini yemagan bo‘lsang, hashak istama, hashakni mollarga beradilar, ey bexabar. Kimki nog‘ora va bayroqdan xoli emas, u har qancha bong urib da’vo qilmasin, darvesh emas. Bayroqda yel, nog‘orada ovoz bor, yel va ovoz yarim chaqaga arzimaydi, bilsang. Behuda yumushlar otiga minib choptirma ko‘p, xoja, mulktsorman deb behuda kerilma.
Yo‘lbarsning terisini shilib olganlariday, bir kuni sening ham jismingdan teringni shilib oladilar. Ko‘rishib turish mahol bo‘lgach, kishi yoki yo‘qoladi yo ag‘darib tashlanadi. Doim boshni osmonga ko‘tarib, kekkayib yurish mumkin emas. Boshingni eg, qachongacha yosh bolalarday o‘ynab yurasan? Yoki boshingni qo‘yib taslim bo‘l, boshqa sarvarlik qilma, yoki bundan ortiq o‘yinga berilmagin. Bu saroyu bog‘laring — sening zindoning.
Xonumoning — joningga balo. Bu takabbur tuproq to‘da bahridan o‘t, qachonga-cha g‘avg‘o va tashvishga bo‘la bu dunyoga dil bog‘laysan? Himmat ko‘zini ochib, yo‘lni ko‘r, bu yo‘lga qadam qo‘yib, Dargohni ko‘r. Joningni shu Dargohga yetkazsang, izzatda — ulug‘vorlikda bu jahonga sig‘may ketasan.
Fariduddin Attorning «Mantiqut-tayr»idan.