Antropolog Margaret Mid talabalaridan eng ko‘hna o‘tmishda sivilizasiyaning birinchi belgisi nimaligini so‘radi.
Talabalar professorga ishlov berilgan tosh, ilgaklar, sopol idishlar yoki g‘ildirak kabi ko‘plab javoblarni berishdi. Lekin Midning ta’kidlashicha, qadimgi madaniyatda sivilizasiyaning birinchi belgisi odamning singan va keyin tuzalib ketgan son suyagidir.
Antropologning tushuntirishicha, o‘tmishda oyog‘ini sindirib olgan har qanday tirik mavjudot o‘limga mahkum bo‘lgan. Yurolmagan jonzod xavf-xatardan qochib qutula olmaydi, suv ichish uchun daryoga yetib borolmaydi yoki ov qila olmaydi. Bunday holatda suyagi singan odam yirtqichlarning o‘ljasiga aylanadi, chunki suyakning bitishi uchun uzoq vaqt kerak bo‘ladi.
Cingan va keyin tuzalib ketgan odamning son suyagi shundan dalolat beradiki, kimdir jarohat olgan odam uchun vaqt ajratgan, uni xavfsiz yerga olib o‘tib, yarasini tang‘igan, oziq-ovqat keltirib bergan. Bu insonlar o‘rtasida yaxshilik qilish, mehr-shafqat ko‘rsatishning oliy ko‘rinishi.
Qiyin bir davrda boshqa odamga yordam berish uchun o‘zida kuch topish — sivilizasiyani boshlab bergan harakat, deb xulosa yasadi Margaret Mid.
«Biz g‘alaba qozonamiz» kitobidan