Qadim Arabistonda ilmu hikmatda benazir Shan degan bir hakim “oʻzimga oʻxshagan biror bilimdon qiz topilmagunicha uylanmayman”, deb ahd qilgan ekan.
Qayliq axtarib mamlakatni kezib chiqsa hamki, oʻziga munosib yor topa olmabdi. Shu niyatda sarson-sargardon yurgan kezlari bir odam unga yoʻlda hamroh boʻlibdi. Shan undan:
– Siz meni koʻtarasizmi yo men sizni koʻtarayinmi? – deb soʻrabdi.
– Ajab betamiz odam ekansiz, – debdi hamrohi achchiqlanib, – oʻzim sallamni zoʻrgʻa koʻtarib yuribmanu, sizni qanaqasiga koʻtaraman?
Shan indamabdi. Bir oz yoʻl yurganlaridan keyin barq urib yashnab turgan bir bugʻdoyzorga yetibdilar. Shan ekinzorga qarab:
– Bu bugʻdoyzorning donini yeb boʻlishdimikan? – deb hamrohiga qarabdi.
– Jinniga oʻxshaysiz-a! Bugʻdoyi pishmagan, oʻrib olinmay turib qanaqasiga yeb boʻladi!
Shan yana indamabdi. Yana bir oz yurishgandan soʻng tobut koʻtarib ketayotganlarga yoʻliqishibdi.
– Bu odam oʻldimikan yo hali ham tirikmikan? – deb Shan hamrohidan soʻrabdi.
Hamrohining battar jahli chiqibdi:
– Umrim bino boʻlib sizga oʻxshagan ahmoqni endi koʻrishim. Qabristonga koʻtarib olib ketilayotgan oʻlikni tirikmi yo oʻlikmi, deb soʻrashingiz aqlli odamning gapi emas. Iltimos, endi gapirmay jim keting.
Gapirsangiz koʻnglim ozib ketyapti.
Shunday qilib indamay yuraverishibdi. Manzilga yetishgach, haligi odam “musofirni mehmon qilib ham savob olay, ham boyagi qoʻpolligimni koʻnglidan chiqaray”, deb uyiga taklif qilibdi. U odamning husnu malohatda, aqlu farosatda tengsiz qizi bor ekan. U otasidan “Hamrohingiz kim ekan, yoʻlda nimalarni gaplashib keldingiz?” deb soʻrabdi.
– Ey qizim, bu safar qip-qizil ahmoqqa roʻpara kelib qoldim, – ota shunday deb boʻlib oʻtgan gaplarni soʻzlab beribdi.
– Uning koʻnglini ogʻritib chakki qilibsiz, – debdi qiz. – Sizga aytgan soʻzlari uning juda katta hakim va zoʻr bilimdon ekanidan dalolat beryapti. Birinchi savolining maʼnosi shu: “Yoʻlning zahmatini kamaytirish uchun siz biron narsa soʻzlab berasizmi yo men aytib beraymi?” “Bu yerning gʻallasini yeb boʻlishdimikin?” deb “Bu gʻallani ekkan odam biror sudxoʻrdan qarzdor boʻlishi, uning qistovidan tezroq qutilish maqsadida, bugʻdoyni oʻrishi bilanoq toʻgʻri bozorga borib sotishi mumkin”, degan maʼnoni nazarda tutgan. Mulohaza qilib koʻrilsa, bu hol ekin pishishidan oldinroq yeb ketilganday boʻladi. Tobutdagi murdani oʻlikmi yo tirikmi, deb soʻraganining maʼnosi shu: “Bu odam oʻlganidan keyin yodgorlik sifatida biror farzand yoki shogird qoldirdimikan, eslashga arzigulik biror xayrli ish qildimikin yohud johil va fosiqligidan, oʻlishi bilanoq hammaning esidan chiqib ketdimikin?” Siz darhol uning huzuriga chiqib, uzr soʻrang, aytgan soʻzlarini sharhlab bering. Aks holda u sizni ahmoq va johil degan qarorga kelishi mumkin.
Shunda ota chiqib qizining aytganlarini bildiribdi. Shan uning sharhini tinglab boʻlgach soʻrabdi: “Bu sharh sizning tabiatingizga mutlaqo xilof. Yaxshisi bu soʻzlarni kim oʻrgatganini ayting”.
Qizning otasi haqiqatni aytishga majbur boʻlgach, Shan shuncha yillardan beri qidirib yurgan gavharimni endi topdim, deb suyunib ketibdi. Otasining roziligi bilan qizni nikohlab olib, murodiga yetibdi.