Bir badavlat kishining qullari orasida Luqmon ismli nimjon va xunuk quli bor edi. Hojasi zaifhol Luqmonni ko‘p xo‘rlardi.
Bir kuni xoja qullariga mevalarni yig‘ib-terishni buyurdi. Ular meva yig‘ish uchun boqqa ketishdi. Luqmondan boshqa qullar ochlikka chidolmay, mevalarni paqqos tushirishdi. Qaytishgach, xojalariga mevalarni Luqmon yeganini aytishdi.
Hoja unga qattiq so‘zlar aytib, jazolamoqchi bo‘ldi. Luqmon o‘ziga nohaq ayb qo‘yilganini aytib: «Bizga to‘ygunimizcha issiq suv ichiring va otingizga minib bizni yugurtirib, imtihon qiling.
Mevalarni kim yegani shunda ma’lum bo‘ladi», dedi.
Hoja bu taklifni qabul qilib, qullariga to‘yguncha issiq suv ichirdi. Yugura-yugura holdan toygan qullar me’dalari qurib, yegan-ichganlarini qayt qila boshlashdi va nihoyat mevalarni kim yegani oshkor bo‘ldi.
Hisob-kitob kuni barcha sirlar fosh bo‘ladi. Iymon keltirib, ezgu amal qilganlar bilan gunohkor-jinoyatchilarning orasi ajraladi.
«Masnaviy»dan