Tafakkur vaqti: TORTISHUV OQIBATI

Ikki mushuk kattagina pishloq bo‘lagini topib olishibdi. Ammo taqsimlay olmay, tortishib qolishibdi. So‘ng orani ajrim qilish uchun maymun oldiga borishibdi.

Maymun pishloqning birini kattaroq, boshqasini kichikroq qilib ikkiga bo‘libdi va har ikkala bo‘lakni tarozining ikki pallasiga qo‘yibdi. Tabiiyki, katta bo‘lak tomon og‘ir kelibdi. Maymun og‘ir kelgan pishloqdan bir tishlab olib, yana taroziga qo‘ysa, endi tishlanmagan bo‘lak og‘ir chiqibdi. Maymun og‘ir kelgan tomonni tenglash uchun yana bir tishlabdi, endi tishlanmagan pishloq og‘ir kelibdi.

Maymun har gal og‘ir kelgan pishloqni tishlab olaverib, oxiri qolgan ikki bo‘lakni ham yeb qo‘yay debdi. Shunda mushuklar:
– Bu taqsimotga rozimiz, endi o‘zimizga tegishli pishloq bo‘lagini ber, – deyishibdi.
Shunda maymun:
– Tarozida tortib, sizlarga hakamlik qilganim uchun bular mening haqimdir, – deb qolgan pishloq bo‘laklarini ham og‘ziga tashlabdi.

Ikki mushuk bekorga tortishganlariga afsus chekib, pishloqdan ham quruq qolishibdi.