Fuqarolar har haftaning shanba kuni MIB rahbariyatiga “Online — video” orqali murojaat qoldirmoqda

Joriy yilning 07 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda mas’ul xodimlari bilan “Byuro organlari faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, tatbiq etilayotgan yangiliklar va ijro etishning muqobil usullari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, Byuro direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Xaydarov, Byuro markaziy apparati hamda Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari, shuningdek Milliy teleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi hamda jurnalist, blogerlar ishtirok etishdi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish, fuqaro-lar, tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora – tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Olib borilayotgan islohotlar avvalo inson manfaati uchun qaratilgan.

Byuro organlari tomonidan o‘tgan davrda jami 21,8 trln. so‘mlik undiruvlar amalga oshirilib, amalda bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 trln so‘mga oshgan.

Birgina, davlat foydasiga 8,5 trln so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’yektlari foydasiga 6 trln. so‘m, banklarga 5,8 trln. so‘m va fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,4 trln. so‘mdan ortiq  undiruvlar amalga oshirildi.

Joriy yilning 1 iyun kunidan ishga tushirilgan axborot texnologiyalari yordamida muqobil ravishda va masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmasdan hamda fuqarolarning mol-mulklariga dahl qilmasdan

300 mingga yaqin hujjatlarning ijrosi amalda ta’minlandi.

Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlar uchun  joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 416,4 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 69,1 mlrd. so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1 trln. so‘mdan ortiq aliment pullari undirildi, shundan 9,2 mlrd. so‘mlik 61 ta uy-joy va 636,6 mln. so‘mlik 8 ta transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan to‘lov sifatida berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning 130 nafar undiruvchilariga “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 1,5 mlrd. so‘m pul mablag‘i to‘lab berildi va aliment to‘lovlari bo‘yicha undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 578 mlrd. so‘mga oshdi.

Ta’kidlash joizki, 20 mingga yaqin ishsiz aliment to‘lovchilar ishga joylashtirildi, 41 mingdan ortiq oilalarni yarashtirishga erishildi.

Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 925 nafar shaxs ishga tiklandi, to‘lanmay qolgan 61 mlrd. so‘mlik ish haqlari undirildi.

Byuro organlari faoliyatiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish ishlari yanada jadalashtirilib borilmoqda.

Davlat ijrochisiga ijro hujjatlarni qabul qilish, qarzdorlarni identifikasiya qilish, mol-mulkini aniqlash, qarorlar qabul qilishga ko‘maklashuvchi “Smart yordamchi” platformasi ishga tushirilgan.

Davlat ijrochilarining avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e’lon qilish haqidagi qarorlarini Yo‘l harakati xavfsizligi organlariga “MIB-Portal” dasturi orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratildi.

Aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvdagi 3 mingdan ortiq qarzdorlar haqidagi ma’lumotlar Byuroning veb-saytiga joylashtirildi.

Byuro organlari faoliyatiga oid barcha ochiq ma’lumotlar “O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portali” hamda www.mib.uz rasmiy saytining “Ochiq ma’lumotlar” nomli sahifasiga joylashtirilib borilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent Xalqaro Aeroportida – fuqarolarimizda qarzdorlik sababli yuzaga kelgan taqiqlar masalasiga aniqlik kiritish va ularni yechish, shuningdek elektron to‘lov tizimlari orqali qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida, Majburiy ijro byurosining maxsus interaktiv xizmatlar shahobchasi tashkil qilindi.

Hozirda, fuqarolar o‘zlari yashab kelayotgan hududlardagi Byuroning istalgan hududiy boshqarma yoki bo‘limlaridan har haftaning shanba kuni “Online – video” orqali Byuro rahbariyatiga murojaat qoldirishmoqda.