Hukumat rasmiy hujjatlarda murakkab so‘zlardan foydalanishni taqiqladi

Yangi Zelandiya parlamenti rasmiy hukumat hujjatlarida murakkab va yuqori darajada ixtisoslashgan so‘zlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

«Sodda til to‘g‘risida»gi qonun amaldorlardan jamoatchilik bilan muloqot qilishda sodda, tushunarli tildan foydalanishni talab qiladi. Yangi Zelandiya hukumati tomonidan o‘ylab topilgan mazkur qonun hujjatlarni aholining barcha qatlamlari uchun, ayniqsa, ta’lim darajasi past, nogironlar va ingliz tili ikkinchi til bo‘lganlar uchun tushunarliroq qilishni ta’minlashi kerak.

«Yangi Zelandiyada yashovchi odamlar hukumat ulardan nima talab qilayotganini va ularning qanday huquqlari borligini, hukumat ularga qanday vakolatlar berganini tushunishga haqli», — dedi qonun loyihasini taqdim etgan deputat Reychel Boyak.

«Sodda til qonuni» muxolifatning tanqidiga sabab bo‘ldi. Muxolifatchilar agar saylovda g‘alaba qozonsa, qonunni bekor qilishga va’da berdi. Ularning fikricha, bu qonun loyihasi «muammolar keltirib chiqaradigan qaror» bo‘lib qonunning o‘zi byurokratik kechikishlarga sabab bo‘ladi.