Sil kasalligini davolashning samarali yo‘li topildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yiliga 10 million kishi tuberkulyoz xastaligiga chalinadi. Ulardan 1,7 millioni kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.

Ma’lumki, tuberkulyoz 99 foiz holatda havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi va asosan o‘pkani zararlaydi. Xastalik qo‘zg‘atuvchisi sil tayoqchalari hisoblanib, ular har qanday sharoitga chidamli. Ya’ni issiqda ham, sovuqda ham ko‘paya olish xususiyatini yo‘qotmaydi.

Yaqinda xitoylik olimlar mazkur bakteriyaning immunitetga oson “chap berishi” sababini aniqladi.

Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, sil tayoqchasi infeksiyadan zararlangan hujayraning o‘z-o‘zini yo‘q qilishiga yo‘l bermaydi va yallig‘lanish reaksiyasini keltirib chiqaradi.

Shu bois Xitoy mikrobiologiya instituti olimlari sil tayoqchasining butun genomini va u ajratib chiqaradigan hamda hujayralarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha oqsillarni o‘rgandi.

Yakunda shubha ostiga olingan 201 ta oqsil orasidan PtpB deb nomlangani ajratib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, u zararlangan hujayralarning o‘z-o‘zini yo‘q qilishiga qarshilik ko‘rsatish xususiyatiga ega. Ya’ni bemor immunitetining javob reaksiyasini susaytirib, infeksiyaning o‘pka bo‘ylab keng tarqalishiga imkon yaratadi.

Aytish joizki, ushbu tadqiqot natijasi kelgusida patogenning o‘ziga emas, bevosita oqsillarga ta’sir qilish orqali tuberkulyozni davolash usullarini ishlab chiqishga yordam berishi mumkin.