Sumkasida bomba borligini aytgan qiz hibsga olindi

Toshkentda metroga kiraverishda sumkasida bomba borligini hazillashib aytgan qiz hibsga olindi. Bu xaqda IIV Transport va turizm ob’yektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatida 2003 yilda tug‘ilgan qiz avtomatik o‘tkazish punktining birinchi vestibyulida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi tomonidan to‘xtatilgan.

Xodim qizdan sumkani ko‘rishni so‘raganida u sumkasida bomba borligini aytgan. Ko‘rsatmalarga asosan, MXTB xodimlari zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni o‘rab olgan va voqea haqida navbatchilik bo‘limiga xabar berdi. Shundan so‘ng voqea joyiga IIV Maxsus operasiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan va qiz vaqtincha hibsga olingan.

Qayd etilishicha, qizning sumkasi ko‘zdan kechirilganda undan portlovchi moslama topilmagan va unga nisbatan dalolatnoma tuzilgan.

Xodimlar qizdan nima uchun sumkasida bomba bor deb aytganini so‘raganida N.S. kayfiyati yaxshi va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytadi. Shundan so‘ng qiz xodimlar tomonidan Shayxontohur tumani 3-sonli IIBga olib ketilgan.