Farg’ona viloyatida ota o’z qiziga tegajoqlik qilganligi haqida aytilmoqda

Kuni kecha bloger Shuhrat Esanovning You Tube kanalida Oltiariq tumanida yashovchi Hamida Yusupovaning turmush o‘rtog‘i uni va farzandlarini uydan haydab yuborganligi, birga yashagan davrlarida eri muttasil giyohvand vositalarini iste’mol qilib, janjal chiqarishi va o‘z qizlariga tegajoqlik qilganligi haqidagi videoxabar tarqalgan.

Ayolning ta’kidlashicha, eri uning tanasiga mixlarni suqib olgan paytlari bo‘lgan, qiziga tegajoqlik qilib, hattoki, sochlarini ham kuydirib olgan paytlari bo‘lgan. Kaltak yeyaverib, og‘zida tishlari qolmagani haqida aytib o‘tgan.

Farg‘ona viloyati IIB ning xabar berishicha, mazkur xabar o‘rganilganda haqiqatdan ham Hamida Yusupovaning turmush o‘rtog‘i Usmonali Yusupov muqaddam ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan voyaga yetmagan o‘z qizini urib tan jarohati yetkazganligi uchun Oltiariq tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksinining 109- moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, unga nisbatan tegishli jazo tayinlanganligi aniqlangan.

Viloyat IIB axborot xizmatining ushbu holat yuzasidan bildirgan munosabatida Usmonali Yusupov o‘z uyida giyohvandlik vositalarini yetishtirganligi yoki iste’mol qilganligi, o‘z qizlariga nisbatan tegajoqlik qilganligi yuzasidan ichki ishlar organlariga biror bir murojaat kelib tushmagan. Shu sababli xabarga keltirilgan holatlarga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv harakatlariga kirishilgan. Yakuniga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinadi.

Shuningdek, videoxabarda ichki ishlar organlari bilan bog‘liq keltirilgan holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi tayyorlangan. Mazkur holat Farg‘ona viloyati prokrori hamda IIB tomonidan alohida nazoratga olingan.

Umid qilamizki, tez orada ushbu masala ijobiy tomonga hal bo‘ladi. Afsuski, mazkur masalani ko‘tarib chiqqan bloger ayol va qizning murojaati shaxsiy hayotiga bog‘liq bo‘lganini, ma’lumotlar sir saqlanishi kerakligini, oshkoralik hali voyaga yetmagan qizning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekanligini inobatga olmagan holda videoni ijtimoiy tarmoqlarda joylagan. Nima bo‘lgan taqdirdayam bu kasbiy doiradan ham, insoniylik hijatidan ham to‘g‘ri kelmaydi. Oxirgi vaqtlarda oilaviy nizolar, ayollarning kaltaklanishi, hatto ayollar o‘z erini kaltaklagani haqida xabarlar tez tez uchrayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Mana shunday hodisalar davom etaversa, jamiyat tanazzulga yuz tutishi, shubhasiz!

Mavzuga doir, avvalroq, «Toshkent viloyatida 15 yoshli qiz otasi tomonidan homilador bo‘lib qolganligi aytilmoqda» sarlavhasi ostida xabar bergan edik.