Bloger Aqida Hanum Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Mufasa» nomi ostida faoliyat yuritadigan Mirsaid Haydarov ismli bloger sovchilarini qaytarib, unga turmushga chiqishga rozi bo‘lmagan jurnalist D.I.ning yuziga kislota sepib yuborish bilan tahdid qilganini aytib, post qoldirgan.
Aqida Hanumning yozishicha, «Men DXXga ishlayman, respublikada akaxonlarim bor, oyiga 10 million (so‘m) olaman» deydigan yigit sovchilarini qaytargan qizga tahdid qilgan. Qiz IIBga ikki marta murojaat qilgan, ammo hech qanday chora ko‘rilmagan.
«Kuyovimiz Mufasa degan bloger ekan. Qizimiz jurnalist», deya yozgan Aqida Hanum post ostida yigit va qiz o‘rtasida bo‘lib o‘tgani aytilgan telefon yozishmalarini qoldirgan. Unda Mirsaid Haydarov ekani nazarda tutilgan yigit yuzi kuyib ketgan qiz aks etgan rasmni ilova qilib, «baklajkasi 25 ming (so‘m)» bo‘lgan kislotadan olib qo‘yganini aytgan. «Menga erga tegmasliging aniq bo‘ldi. Endi biror nima qilsam, afsuslanmayman», — deya tahdid qilgan u.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov holatga munosabat bildirib, vaziyat Toshkent shahar IIBB xotin-qizlar masalalari bo‘limi tomonidan nazoratga olingani, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. «Holat to‘liq o‘rganilib, vaziyatga huquqiy baho beriladi hamda jamoatchilikka qo‘shimcha ravishda ma’lumot taqdim etiladi», deyiladi xabarda.