​​​​Tafakkur vaqti: Ko‘za qachon to‘ladi?

Donishmand ko‘zani olib, kichik toshlar bilan to‘ldirdi. O‘z shogirdlarini yig‘ib, savol berdi:
⸺ Aytingchi, mening ko‘zam to‘lami?
⸺ Ha, to‘la, ⸺ javob berishdi shogirdlari.
Shunda donishmand no‘xat to‘la idishni olib, uni ko‘zaga soldi. No‘xatlar toshlar orasidagi bo‘sh joylarga kirib joylashdi.
⸺ Ko‘za to‘lami?
⸺ Ha, to‘la.
Endi u qum solingan quticha olib, uni ham ko‘zaga sochdi. Qum tosh va no‘xatlar orasidagi barcha bo‘sh joylarni egalladi…
⸺ Sizlar, ko‘za – bu hayotimiz ekanligini anglab yetishishingizni istar edim, ⸺ dedi, donishmand. ⸺ Toshlar – har bir inson hayotining asosi. No‘xat – yoqimli narsalar, lekin ular eng muhim hisoblanmaydi. Qum esa – mayda-chuyda ikir-chikirlardir, ular har bir insonning hayotida bor…
Lekin ayrimlar o‘z ko‘zasiga tosh va no‘xat joylamasdan, avvalo qum bilan to‘ldiradilarki, unda asosiy narsaga joy qolmaydi.