Rivoyatga ko‘ra, bir daraxtga odamlar ibodat qilishar, Allohga shirk keltirishardi. Bir kishi Alloh uchun g‘azabnok bo‘lib, kesib tashlash uchun o‘sha daraxt oldiga keldi. Shu payt shayton inson suratiga kirib, uning yonida paydo bo‘ldi va so‘radi:
— Nima qilmoqchisan?
— Alloh qolib, Uning o‘rniga ibodat etilayotgan bu daraxtni kesib tashlamoqchiman, — javob berdi boyagi kishi.
Shayton aytdi:
— O‘zing daraxtga sig‘inmasang, bo‘ldi-da, boshqalar ibodat qilishidan senga zarar yetmaydi-ku!
Gaplari ta’sir qilmayotganini ko‘rgan shayton endi avrash yo‘liga o‘tdi:
— Kel, senga bundan yaxshiroq ishni o‘rgataman. Daraxtni kesmaysan, buning evaziga har kuni ertalab yostig‘ing ostidan ikki dinor topasan.
Odam hayron bo‘ldi:
— Menga u pulni kim beradi?
— Men beraman, — javob berdi shayton.
U ko‘ndi va daraxtni kesmay qaytib ketdi. Ertasiga ertalab yostig‘i tagidan va’da qilingan ikki dinorni oldi. Keyingi kuni esa hech narsa topolmadi. Jahl bilan o‘rnidan turib, daraxtni kesish uchun jo‘nadi. Shu zahoti shayton o‘z suratida uning oldida paydo bo‘ldi: “Nima qilmoqchisan?” deb so‘radi. Odam g‘azab bilan dedi: “Bu daraxtni kesib tashlayman!”
— Kesolmaysan, bunga kuching yetmaydi, — degan gapni eshitib boyagi kishi shaytonga tashlandi. Lekin shayton uni tezlik bilan yengdi. Yelkasidan yerga bosib, o‘zining shayton ekanligi xabarini berdi va shunday dedi:
— Birinchi gal Alloh uchun g‘azablanib kelganding. Niyating xolis edi, seni to‘sib qolish imkoniga ega emasdim. Lekin ikki dinor bilan aldadim va niyatingdan voz kechding. Bu safar ham daraxtni kesish uchun chiqding, lekin topilmagan ikki dinor achchig‘i bilan bu ishga jazm qilding. Mana endi senga men hukmronman.