Aytishlaricha, moʻtabar bir odamning majlisida bir olim, fozil kishini ko‘p ta’rif va tavsif qildilar, Moʻtabar odam u olimni ko‘rib suhbatidan foydalanishni orzu qilib, uni shu majlisga da’vat qilish uchun o‘z qarindoshini yubordi.
Olim majlisga kelgach, salom berib hamma bilan ko‘rishdi. Keyin moʻtabar odamga ta’zim qilib:
— Majlisingizga da’vat qilganingiz uchun tashakkur etaman, ming yil rohat va farog‘atda umr kechiring,— dedi.
Moʻtabar odam olimning so‘ziga taajjub qilib aytdi:
— Majlisimizda hali o‘tirmay turib, mumkin bo‘lmagan so‘zni og‘zingizdan chiqardingiz, bir odamning ming yil umr ko‘rishiga aql bovar qiladimi?! Bunday so‘zni aytish sizdek olim va fozil kishiga munosibmikan?
— Insonning tirikligi faqat jismning boqiyligi bilangina emas. Odam ming yil umr ko‘rmasligini hamma biladi. Lekin o‘lgandan keyin qolgan yaxshi nom yana bo‘lak umrdir.
Sizning olijanob, marhamatli, shafqatli odam ekanligingizni xalq unutmay, nomingizni doimo hurmat bilan yod etib turadi.
Vafotingizdan keyin ham qilgan yaxshiligingizni xalq unutmaydi, nomingizni ko‘nglida abadiy saqlaydi, degan ma’noda «ming yil umr ko‘ring»,— dedim,— deb javob berdi olim.