Tafakkur vaqti: Omon qolsang, unutma!

Yaponiyada yuz bergan zilziladan so‘ng qutqaruvchilar bir yosh juvonning uyi oldiga kelishdi. Xarobalarni tozalab, uning ostida qolganlarga yordam berish kerak edi. Shu uyda yashaydigan ayolning jasadi bir-biriga suyanib qolgan devorlarning yoriq-darzlaridan ko‘rinib turardi. U g‘alati holatda edi – xuddi ibodat qilayotganday olindga egilgan, qo‘llari bilan nimanidir bag‘riga bosib olgandi. Uy qulaganda ayolning yelkasi va bosh qismi jarohatlangan, allaqachon dunyodan ko‘z yumgandi.

Qutqaruvchilar ayol tanasini deyarli ko‘mib yotgan turli siniqlar va parchalarni asta-sekin tozalashdi. U guldor yo‘rgakka o‘ralgan go‘dakni quchoqlab olgandi. Chaqaloq taxminan uch oylik edi. Uy yiqilgan chog‘da ona o‘z jonini fido qilib, bolani qutqargan ekan.

Guruh boshlig‘i qo‘lga olgan payt bolakay hech nimadan xabarsiz, tinchgina uxlab yotardi. Go‘dakni tekshirishga kelgan shifokor yo‘rgakni ochib, uning ichida yotgan qo‘l telefoniga ko‘zi tushdi. Telefon ekranida “Omon qolsang, unutma, men seni yaxshi ko‘raman, bolam!” degan yozuv bor edi.

Hali tanasidagi issiq jonidan, ongu shuuridan ayrilib ulgurmagan bechora ona qo‘lidagi telefonga bir umrlik vidolashuv va mehr xatini yozib ketibdi. Balki o‘sha oniy lahzalarda u o‘g‘lining chopqillab o‘ynab yurganini, bejirim tuflicha va oppoq ko‘ylakda maktabga borganini, bo‘ydorgina yigitga aylanib jilmayib turganini xayolidan o‘tkazgandir. Cheksiz onalik mehr-muhabbatini ana shu bir og‘iz gapga sig‘dirmoqchi bo‘lgandir.

Qutqaruvchilar telefonni bir-biriga uzatar, onaizorning so‘nggi so‘zlarini o‘qib, ko‘zlarida yosh halqalanаrdi.