Tafakkur vaqti: Oxirgi chora

Odamlar Hajjojni zolimligi uchun yomon ko‘rar, lekin hech kim buni o‘ziga aytishga botinmasdi.

Bir kuni Hajjoj o‘zi haqida odamlar qanday fikrda ekanini bilish maqsadida ko‘chaga chiqdi. Yo‘lda bir cholga duch keldi. Hajjoj undan: “Boshliqlaringiz haqida fikringiz qanday?” deb so‘radi.

Chol hech narsadan bexabar holda savolga oshkora javob berdi: “Ular ko‘zi ochiq zolim va mustabiddir”. Hajjoj bu fikrdan qoniqmay yana so‘radi: “Boshlig‘ingiz Hajjoj haqida fikringiz qanday?” Chol javob berdi: “U yomon xislatli, befazilat va yomon kishidir”.

Hajjoj bergan savolidan afsuslanib, cholga: “Mening kimligimni bilasanmi?” dedi. Chol yo‘q, dedi. Hajjoj: “Men Hajjojman”, dedi.

Shunda cholning avzoyi o‘zgarib: “Men Zayd ibn Omirman. Har kuni bir marta shayton yo‘ldan ozdirganidan aqlim joyida bo‘lmaydi, shuning uchun nima deyayotganimni o‘zim ham bilmayman. Bu qilig‘imni bilgani uchun odamlar meni ayblamaydi”, dedi.

Hajjoj uni qaltis holatdan chiroyli tarzda chiqib ketgani uchun afv etdi.