Rivoyat qilinishicha, Hotim Osim bolalariga hajga bormoqchi ekanini aytganida ular bizni kimga qoldirasiz, deyishdi. Ya’ni, bu bilan kunimiz qanday o‘tadi, demoqchi bo‘lishdi. Hotimning bir qizi bo‘lib, u otasining hajga borishini ma’qullab, boraversin, otam bizga rizq beruvchi emas, dedi. Hotim Osim hajga jo‘nab ketdi.
Otasi hajga ketgandan keyin biroz vaqt o‘tib uyda ozuqa tugab, hatto bir kechasi och holda tong ottirdilar. Bolalar qizni o‘sha gapini deb malomat qila boshlashdi. Noqulay holatga tushgan qiz: “Ey Parvardigor, oilamiz oldida meni hijolat qilma”, deya duo qildi.
Ertasi shahar amiri uylari olida o‘ta turib, yo‘l yurib chanqagani uchun navkarlaridan biriga mana shu hovlidan menga suv so‘rab chiq, dedi. Hotim ahli navkarga bir ko‘za muzdek suv berdi. Shahar amiri suvni ichib bo‘lib, bu uy kimniki, deb so‘radi. Hotim Osimniki, deyishdi. Shunda u belidagi tilla kamarini yechib bo‘shagan idishga tashladi va navkarlariga ham nimasi bo‘lsa tashlashni buyurdi. Navkarlari ham o‘zlaridagi narsani shu idishga tashladi.
Bu holdan xabar topgan qiz yig‘lay boshladi. Onasi qiziga hayron bo‘lib, sen nega yig‘layapsan, Alloh bizga rizqimizni yetkazdi-ku, dedi. Shunda qiz yig‘idan to‘xtab, bizga bandasi nazar solgani uchun behojat bo‘ldik, agar Xoliq zotning o‘zi nazar solganida nima bo‘lardi, dedi.