Tafakkur vaqti: Mukofot

Shoir Abu Dalloma bilan Abbosiy hukmdorlardan biri Mahdiy orasida qiziq voqea ro‘y bergan ekan. Abu Dalloma Abbosiylarni madh qilib yozgan qasidasini Mahdiyga o‘qib beribdi. Qasida xalifaga juda ma’qul kelib: “Nima mukofot beray?” deb so‘rabdi.

— Hazrati oliylari, kamina qulingizga hech narsa kerak emas, faqat bitta ovchi it bersangiz bo‘ldi, — deya ta’zim qilibdi shoir.

— Shunday go‘zal qasida uchun bor-yo‘g‘i ovchi it so‘raysanmi? — hayron bo‘ldi Mahdiy.
— Ha, zoti oliylari, kamina qulingizning birdan-bir o‘tinchim shu.

Hukmdor taajjublandi, biroq shoirni xafa qilgisi kelmay buyruq berdi:
Mayli, tilaging shu bo‘lsa, senga bitta ovchi it keltirishsin.
— Lekin, xojam, qulingiz ovga nima bilan boraman?
Haqing bor, bitta ot ham berishsin.

Otga qanday minaman?
Ha-ya, chiroyli egar-jabduq ham kerak.
Yaxshiku-ya, lekin otga kim qaraydi?
To‘g‘ri aytasan, bir qul ham qo‘shib berishsin.
Sultonim, biroq otni qayerda saqlayman?

Bo‘pti, bir og‘il ham qurishga buyuraman.
Qul qayerda yotadi?
Bitta uy ham tiklab berishni amr qilaman.

Hukmdorim, hammasi uchun rahmat, ammo buncha tirik jonni qanday boqaman?
Mayli, tirikchilik uchun ming oltin tanga ham beriladi.

Xojam…
Ana shu joyda xalifa Mahdiy shoirning gapini bo‘ldi:

— Bo‘ldi, yetar, agar xarajatlarni nazorat qiladigan bir boshqaruvchi va hisob-kitob qiladigan bitta hisobchi ham so‘raydigan bo‘lsang, itni olib qo‘yaman-a!