Bo‘rilar qo‘ylarga hujum qilmoqchi bo‘lishardiyu podani itlar qo‘riqlagani uchun bunga jur’at qilisholmasdi.
Shunda ular maqsadlariga hiyla-nayrang bilan yetmoqchi bo‘lishdi. Bo‘rilar qo‘ylarga elchi yuborib, itlarni tutib berishni taklif qilib: “Axir, oramizdagi adovat faqat shu itlar tufayli. Agar ularni bizga tutib bersangiz, sizu biz tinch-totuv yashayverardik!” deyishdi.
Oqibatini o‘ylamagan qo‘ylar laqqa tushib, qo‘riqchi itlarni tutib berdi. Shundan so‘ng bo‘rilar himoyasiz qolgan qo‘ylarni osongina mahv eta boshladi.
Alqissa, daholarini hech qarshiliksiz g‘animlarga berib qo‘ygan xalqning o‘zi ham tezda dushman asoratiga tushib qoladi.
“Ezop masallari”dan