Qish kunlarida boychechak quloq yoyganini ko‘rgan inson birdan qalin qor yog‘ishi-yu, vujudini ayoz chaqishidan dovdirab qolishi aniq. Shunday kunlarning birida do‘stim Maqsudning shoshgancha boshlig‘i xonasidan chiqib kelishi diqqatimni tortdi. Qo‘l telefonida allanimalarni hovliqib gapirishi, barmog‘i bilan peshanasini ishqagancha tomog‘iga nimadir tiqilgandek yutinaverganidan bildimki, nimadir bo‘lgan. Uning mana bu gapidan barini tushunib oldim.
“Aka, qanaqasiga axir. Ertalab o‘zim dadam bilan gaplashdim, yaxshi edilarku?”.
Xullas, har qancha urinmay, do‘stlarim bilan birga janozaga bora olmadim. Do‘stimga hardard bo‘lib: “Do‘stim, sabr qil. “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un” (Biz Allohnikimiz va Allohga qaytuvchimiz.) — deya dardkash bo‘la olmayotganimni his etdim. Xona devorlari qisib kelayotgandek. Ishxonaga vaziyatni tushuntirib “Toshrabot-Navoiy” yo‘nalishdagi avtobekatga yetib keldim. Xayolimda bir muddao. “Tobut ko‘tarish nasib etsin, ilohim!”
Aksiga olib, Toshrabot qirlikda joylashmaganmi, yo‘l sirpanchiqligidan yengil mashina kelavermadi. Odamlarning tirbandligini ko‘rgan bir mikroavtobus haydovchisi garchi Navbahor yo‘nalishida harakat qilsada naqd mijozlarni ko‘rib Toshrabotgacha olib borishga rozi bo‘ldi. Mashinaga o‘tirdik. Xayolimda bir niyat “Tobut ko‘tarish nasib etsin, ilohim!”.
Nadomatki, haydovchi qalin qor yoqqani sabab Toshrabotgacha borolmasligi ro‘kach qildi-yu, adirlik chetida tashlab ketdi. O‘rtoqlarimga qo‘ng‘iroq qilsam, yaqin tepalikdagi mozorga qarab borishim lozimligi, ular shu tomonga yuk mashinasida kelayotganini aytib qolishdi. Oyog‘imdan sovuq o‘tib, nihoyat ko‘ringan mashinani to‘xtatdim. Haydovchiga shu yaqin atrofda qabriston borligi haqida og‘ich ochishim naf bermadi. Chunki u ham mendek bu yerlik emas ekan. Yo‘lda mozor uchrasa tushib qolishga kelishdik. Qani endi mozor ko‘rinsa? Nima ko‘p tepalik ko‘p. Nima ko‘p qir ko‘p. Uzoqdan bir yozuvga ko‘zim tushdi. Quvonib ketdim. Qabriston yozuvi bo‘lsa kerak. Taassufki, “Xush kelibsiz Navbahor tumani”ga yozuvidan esankirab qoldim.. Afsus. 4 kmdan so‘ng Navoiy shahri. Toshrabotdan chiqib ketibman.
Qalbimga quloq soldim. Yuragim va imonim jang qilyapti. Nafs: taqdirga tan ber. Aza uch kun. Tobut ko‘tarishing shartmi, cho‘ntagingda pul ham qolmadi. Imon: “Har narsaning ijobati niyatga bog‘liq, so‘raganni quruq qoldirmagan. O‘zimga-o‘zim bugun o‘zim uchun ilohiy bir haqiqatni kashf etishim mumkindek tuyuldi. Tanishimdan qarz olib yana “Toshrabot-Navoiy” yo‘nalishdagi avtobekatga yetib oldim. Toshrabotlik haydovchi janoza chiqqan uygacha olib borishga rozi bo‘ldi. Janozadan kechikkanligimni bilsamda takrorlayverdim. “Tobut ko‘tarish nasib etsin, ilohim!”.
Loy ko‘chalardan kechib do‘stimning uyiga yetib oldim. Yelkamni tutib hamdardligimni bildirdim. Sabru jamil tilab orqamga qaytdim. Uzoqdan bir olovrang “Moskvich-412” tepasida mebel ortib olgan lo‘killab kelyapti. Mebelmi yo shkaf? Nima farqi bor? Ichimda kulib, sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga iborasini esladim. Toshrabot markazigacha kelishib, sekin kabinaga chiqdim. O‘ylab ketyapman: Tobut ko‘tarish nasib etsin, ilohim!”. O‘zimdan xafa bo‘ldim. Qanaqa tobut ko‘tarish? Axir janozadan kechikdimku?
Haydovchi: “Ukam, jim ketyapsiz, mehmonmisiz deyman.”
Men: “Ha aka mehmonman. Ta’ziyaga kelgandim.”.
Ochig‘i u odamning uzuq-yuluq gapirishi ensamni qotirdi. O‘zi muzlab boray deyapman. Qaytib gapirmadim.
Haydovchi: “Ismim Murod. Mana shu mahallaning yaxshi-yomon kunida beminnat xizmat qilaman. Savob uchun. Onamga va’da berganman. Uka bir savob ish qiling. Chetda to‘xtayman. Tepadagi otni tushirib xilxonasiga qo‘yaylik.” Tovba. Qanaqa ot. Bu odam qiziqchimi?
Bir payt ziyoratgoh oldida to‘xtadik.
Tepaga qaradim-u, hayratdan yoqa ushlab qoldim. Tomog‘imga nimadir tiqilib, ko‘zlarim tinib ketdi. Ushbu jumlani eshitgach o‘zim uchun ilohiy bir haqiqatni kafsh etgandek bo‘ldim.
Haydovchi: “Uka, tinchlikmi? Ko‘taring. Bugun ta’ziyaga xizmat qilgan to‘rt oyoqli cho‘pli ot mana shu. Uni oxirgi manzili-xilxonasiga siz qo‘yyapsiz. Tobutni oxirgi ko‘targan siz bo‘lasiz!”
Jonibek Shuhratov