Rivoyatlarda aytilishicha, Hazrat Sulaymon alayxissalomning: «Bu dunyodagi hamma narsa o‘tkinchi», — degan so‘zlar o‘yib yozilgan uzugi bo‘lgan. Sulaymon hayotining qayg‘uli onlarida uzukdagi ana shu hikmatli bitikni o‘qib, taskin topgan.
Bir kuni uning boshiga shunday baxtsizlik tushadiki, uzukdagi so‘zlar dardiga malham bo‘lolmaydi. Sulaymon g‘azab bilan uzukni yechib, otib yuboradi va dumalab borayotgan uzukning ichki tomonida ham allaqanday bitik borligiga nogahon ko‘zi tushadi. O‘rnidan turib, uzukni qo‘liga oladi-da, bitikni o‘qiydi. Uzukning ichki tomonida esa: «Bu ham o‘tib ketadi», — degan yozuvlar bor edi.
Sulaymon achchiq kulimsirab, uzukni barmog‘iga taqadi va umrining oxirigacha uni yechmaydi.
©«Haqiqat manzaralari» kitobidan.