Abu Bakr Varroq quddisa sirruh umr bo‘yi Xizr alayhissalom bilan ko‘rishishni orzu qilardi.
Har kuni ibrat olish maqsadida qabristonga borib kelar, bu asnoda bir juz Qur’on o‘qirdi.
Bir kuni shu maqsadda uyidan chiqar ekan, bir nuroniy unga salom berdi. Abu Bakr Varroq quddisa sirruh alik oldi.
Nuroniy zot:
-Men bilan suhbat qilishni xohlaysanmi? – dedi.
-Xohlayman, -degach, birgalikda yo‘lga ravona bo‘ldilar.
Yo‘l bo‘yi suhbat qilib ketdilar.
Uyga qaytguncha ham suhbatlari davom etdi.
Xayrlashish vaqti kelgach, Abu Bakr Varroq quddisa sirruh hazratlaridan nuroniy zot ruxsat so‘radi va ushbu hikmatli so‘zni aytdi: “Umr bo‘yi ko‘rmoqchi bo‘lganing Xizr menman! Bugun men bilan suhbat qilding, ammo bir juz Qur’on o‘qishdan mahrum qolding!”
Abu Bakr Varroq quddisa sirruh chuqur o‘yga toldi va o‘z-o‘ziga dedi: “Xizr bilan suhbatlashishning natijasi shu bo‘lsa, g‘ofil insonlar bilan suhbat qilishning oqibati nima bo‘larkin?”
Inson bu qissadan hissa, ya’ni ibrat olishi lozim. Gʻofillardan uzoq yurmog‘i, har ishning xayrlisini so‘rab, duo qilmog‘i kerak. Gʻaflatga tushib: “Faqat shuni xohlayman, boshqasi bekor…” – deyishdan oldin o‘ylab ko‘rish kerak, chunki har bir ishning xayrli yoki xayrsiz ekani faqat Allohga ayon.
“Xayrli bo‘lsa ber, ey Robbim! Xayrsiz bo‘lsa, uzoq ayla!..” – deyish eng to‘g‘ri yo‘l. Zero, Robbimiz “Gʻofillardan bo‘lma!” oyati orqalibizlarni ogohlantiryapti va g‘ofil bo‘lib yashashimizni istamayapti.
Robbimiz barchamizni g‘aflatdan uzoq yashab, O‘ziga do‘st qullaridan aylasin. Omin!
“Tazkiratul avliyo”dan.