Abbosiylardan xalifa Mahdiy bir kuni kishilarni qabul qilayotgan edi. Biri shikoyat qildi. Boshqasi o‘z she’ri ila uni maqtadi. Tushlik paytida bir kishi qo‘lida oyoq kiyim bilan kirib keldi va dedi:
– Ey mo‘minlar amiri! Bu Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning oyoq kiyimlari. Uni sizga hadya qilish uchun keltirdim.
Xalifa Mahdiy kursisidan turib oyoq kiyimini uning qo‘lidan oldi. Uni ko‘zlariga surtib u kishiga dedi:
– Qanday ham yaxshi narsa keltiribsan?
So‘ngra unga o‘n ming dirham berishlarini amr qildi. Haligi kishi pulni olib ketdi.
U ketgach, xalifa atrofidagi kishilarga dedi:
– Allohga qasamki, men bu oyoq kiyimini Rasululloh sallollohu alayhi va sallam kiymaganlari tugul hatto ko‘rmaganlarini ham bilib o‘tiribman. Ammo agar men unga yolg‘on aytayapsan deganimda, u kishilar oldiga chiqib «men moʻminlar amiriga Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning oyoq kiyimlarini sovg‘a qilgan edim. U qabul qilmadi», der edi. Unga ishonmaydiganlardan ko‘ra ishonadiganlar ko‘p bo‘lar edi. Chunki omma o‘ziga o‘xshaganlarga ko‘proq ishonadi. Chunki ko‘pchilik zaif tomon zolim bo‘lsada zaif tomonga yordam beradi. Uni haq deb o‘ylaydi. Biz uning tilini sotib oldik. Hadyasini qabul qildik. So‘zini tasdiqladik. Shu qilgan ishimizni afzal va tinch yo‘l deb bildik!».
Gohida salomat qolish uchun insonlarning rioyasini qilib turish lozim ekan. Agar har bir gapga qarshi chiqaversang, har bir ishga qarshi chiqaversang, o‘zingni qurbon qilayotgan bo‘lsang-da, seni jinoyatchiga chiqarib qo‘yishadi.
Imom Ahmad rohimahulloh aytganlaridek, «Aqlning o‘ndan to‘qqizi o‘zni bilmaslikka solish va beparvo ko‘rsatishdadir».
© Abdulqodir Samarqandiy