Do‘kondor yangi keltirgan mollarini ko‘chaga qaragan ko‘rgazma oynasi ortiga joylardi. Bir bolakay tashqarida yangi tuflilarga o‘zgacha bir havas bilan qarab turganini ko‘rdi. Bolakayning chap oyog‘ tizzasidan pasti yo‘qligi uchun qo‘ltiqtayoqqa tayanib olgandi.
– Shu poyabzal senga yoqdimi? – deb so‘radi do‘kondor tashqari chiqib bolaga yuzlanarkan.
– Ha. Juda ajoyib tufli ekan, – dedi bolakay ko‘zlari chaqlab.
– Kiyib ko‘rishni istaysanmi?
– Sotib ololmagandan keyin kiyib ko‘rib nima qilaman… Ustiga uch yuz ming deb yozilgan. Menda uncha pul bo‘lmasa…
– Bilasammi, o‘g‘lim, do‘konimizda bugundan chegirmalar boshlangan. Bular endi ikki yuz mingdan sotiladi. Buning ustiga sen faqat bir poyini olasan. Bu senga yuz mingga tushadi.
– Qanday qilib bir poyini ololaman? Qolgan bir poyini sotib bo‘lmaydiku?!
– Nega endi? Yana bironta o‘ng oyog‘i bor xaridor kelib qolishi mumkinku. Aslida, bu dunyoda hammamiz ham nogironmiz.
Kimningdir oyog‘ida, kimningdir qo‘lida, yana birovning iymoni yoki vijdonida nuqson bor. Tanasida nuqsoni borlarga oson. Ular bunday holatlari uchun hatto katta ajrlarga sazovor bo‘lishadi. Ammo vijdoni noqislarga qiyin-da…
Do‘kondor amakining bu gaplarini eshitib, bolaning aqli shoshib qoldi. “Nimalar deyapti bu amaki?” U es-hushini yig‘ib ulgurmasdan do‘kondor uni magazin ichkarisiga undadi. Kursiga o‘tirg‘izib, bejirim tuflilardan birini kiygizdi.
– Qalay? Yoqdimi? Ma’qulmi?
– Juda yoqdi. Lekin menda…
Do‘kondor xuddi bolakayning gapini eshitmagan kishiday davom etdi.
– Maktabga borasanmi? Nechinchida o‘qiysan?
– Ikkinchini tugatyapman. Endi uchinchiga o‘taman.
– Ana. Demak, sen o‘quvchilik chegirmasidan ham foydalanishing mumkin ekan. Shunda bu tufli sen uchun ellik mingga tushadi.
Bolakay bo‘layotgan ishlarning rostligiga ishongisi kelmas, hech narsaga tushunmay qolgandi. U xuddi shirin bir tush ko‘rayotganday his qildi o‘zini. Do‘kondor esa:
– Bo‘ldi. Endi men molimni sotib bo‘ldim. Endi navbat senga, — dedi bolakayga.
Bolakay hayron bo‘lib qarab turardi.
– Mana bu tufling uchun qancha so‘raysan? – dedi do‘kondor bolakayning eskirib, majaqlanib ketgan bir poy tuflisini mehr bilan qo‘lga olib.
– E… Bu juda eski, tovoni ham ko‘chib qolgan. U sotishga yaramaydi.
– Voy, sen savdoni bilmas ekansan-da. Narsalar qanchalik eski, qanchalik qadimiy bo‘lsa, shuncha qimmat narxlarga baholanadi. Shuning uchun bu oyoq kiyim uchun yuz ming bersam, rozi bo‘lasanmi?
Do‘kondor bolaning og‘iz ochishini ham kutmasdan uning qo‘liga darrov pul tutqazdi.
– Mana senga – yuz ming. Bor-baraka!
Do‘kondor bolakay bilan samimiy qo‘l siqisharkan, yonog‘iga bir tomchi yosh dumaladi. Go‘yo do‘kondagi hamma molni bir pasda sotib bo‘lgan kabi xursand his qildi o‘zini.
– Hech bo‘lmasa, ellik minggini mana bu yangi tufli uchun olib qoling, – deya oldi bolakay.
Do‘kondor uning rayini qaytargisi kelmadi.
– Otam to‘g‘ri aytgan ekan, – dedi bolakay do‘kondan chiqishga chog‘lanarkan. – Nogironliging uchun o‘ksinishga hech hojat yo‘q, derdilar otam.